Injirlik havo bazasini ishlatish yuzasidan Anqara va G’arbdagi ittifoqchilar o’rtasida ziddiyat kuchayib bormoqda. Bu ayniqsa, Turkiya va Germaniya munosabatlarida yaqqol ko’zga tashlandi.
Germaniyalik qonunchilarga Injirlik bazasida nemis askarlari bilan uchrashishga ruxsat berilmadi. Shundan beri Anqara va Berlin aloqalari tarang.
“Germaniya nuqtai nazaridan bu qonuniy talab. Anqara buni tushunmayapti. Bryusseldagi uchrashuvda Kansler Merkel va Prezident Erdog’an o’rtasida bu masala jiddiy muhokama qilindi”, - deydi sobiq Turkiya elchisi Unal Cheviko’z.
Injirlik bazasiga germaniyalik qonunchilarning qo’yilmasligi Turkiyada iyul harbiy to’ntarishiga aloqador shaxslarning Germaniyadan ekstraditsiya qilinmasligi haqida qaror berilishi ortidan ro’y berdi. Germaniya Turkiya ekstraditsiyasini talab qilgan 200 dan ortiq diplomat va harbiylarga siyosiy boshpana berdi. Shundan beri ikki mamlakat munosabatlari tarang.
“Turkiya masalaga biroz ijobiy yondasha boshlaganini ko’rdim”, - deydi Cheviko’z.
Germaniya “Islomiy davlat” terrorchi guruhiga qarshi xalqaro kurashga hissa qo’shish maqsadida Turkiyaning Injirlik havo bazasiga razvedka samolyotlarini keltirgan. Suriya va Iroq chegaralariga yaqin ulkan baza jangarilarga qarshi kurashda muhim manzil hisoblanadi. So’nggi ziddiyat ortidan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Sigma Gabriel Berlinning hatto o’z kuchlarini boshqa joyga ko’chirishga ham tayyor ekanini aytdi. Iordaniya ko’chish uchun muqobil joy bo’lishi mumkin.
Bu narsa, albatta bo’ladi, faqat qachonligi ma’lum emas, deydi sobiq turk diplomati Aydin Seljen.
“Bu o’zlariga havola, yalinmaymiz”, - deydi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho’g’li.
Germaniya-Turkiya mojarosi Vashingtonni ham xavotirga solmoqda. Injirlik bazasining asosiy foydalanuvchisi AQSh kuchlari hisoblanadi.
Anqara “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan va AQShdan yordam olayotgan kurd guruhlariga bosim o’tkazishda Injirlik bazasidan ta’sir quroli sifatida foydalanadi. Anqaraga ko’ra, Suriyada kurashayotgan kurdlar PKK terrorchi guruhi bilan hamkorlik qiladi. Shu bois Turkiya xalqaro koalitsiyaning kurdlar bilan hamkorlik qilayotganidan norozi.
Agar xalqaro koalitsiya Injirlik bazasini tark etsa, buning badali Turkiya uchun og’ir bo’lishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.
“Injirlik faqat harbiy baza emas, u razvedka maqsadlari uchun ham muhim. Germaniya va AQSh ekspertlari qo’lga kiritadigan ma’lumot Turkiya bilan ham baham ko’riladi. Bu razvedka ma’lumotlari Turkiyaning PKKga qarshi kurashi uchun nihoyatda muhim”, - deydi sobiq diplomat Cheviko’z.
Turkiya rasmiylari hozircha xotirjam. Chunki mintaqada Injirlikning o’rnini bosa oladigan boshqa bunday baza mavjud emas. Ammo avtonom Kurdiston hududidagi bir necha baza hamda Suriyada kurdlar nazorati ostidagi ayrim uchish-qo’nish maydonlari birgalikda Turkiya havo bazasining vazifasini bajarishi mumkin.