"Qizil order" - Interpol ayrim davlatlar qo'lida o'yinchoq

  • Amerika Ovozi

Fransiyada asoslangan "Interpol" xalqaro politsiya xizmati chegaralar osha jinoyatchilikka qarshi kurashda muhim rol o'ynaydi. Xususan, huquq-tartibot organlari o'rtasida global hamkorlikni oshirishga xizmat qiladi. Biroq Rossiya va Turkiya singari avtoritar rejimlar bu agentlikdan quvg'indagi siyosiy dushmanlarini ta'qib qilishda ham foydalanmoqda, deydi AQSh rasmiylari va huquqshunoslar.

Bunda asosiy qurol - "qizil order". Hukumatlar biror shaxsni qidirib topish va ekstraditsiya qilish bo'yicha murojaat qilganda "Interpol" "qizil order" chiqaradi. Tashkilotga a'zo 194 davlat odamlarni qidiruvga berish huquqiga ega. O'tgan yili 13,516 ta shunday so'rov tushgan.

Tanqidchilarga ko'ra, AQSh ham bu tizimni suiiste'mol qilmoqda. Immigratsiya xizmati ko'pincha o'z mamlakatida soxta ayblovlar bilan qidiruvga berilgan, AQShdan boshpana izlayotgan chet el fuqarolarini "qizil order"ga asoslanib hibsga oladi. Muammo Barak Obama prezidentligi davrida boshlangan va bugun davom etmoqda.

"Interpol" xabarini ko'r-ko'rona qabul qilish bizning immigratsiya bo'yicha mutasaddilarni va sudyalarni repressiv tuzumlarning quroliga aylantiradi", - deydi advokat Sandra Grossman.

"Qizil order" - o'yinchoq?

"Qizil order"dan jabr ko'rgan immigrantlar va boshpana izlovchilar soni ma'lum emas. "Heritage" siyosiy-tahlil jamg'armasi eksperti Ted Bromund taxminiga ko'ra, ular soni 100 atrofida.

"Interpol" vakolatlari suiiste'mol qilinishini to'xtatish uchun AQSh Kongressida qonun loyihasi ko'rib chiqilmoqda. Agar tasdiqlansa, "qizil order"larning asosli ekani avvalo tekshiriladi, faqat order asosida kishini hibsga olishga yo'l qo'yilmaydi.

Aytish joiz, "Interpol" tergov va hibsga olish huquqiga ega politsiya idorasi emas. Tashkilot 194 a'zosiga bildirishnomalar va turli rangdagi "order"lar orqali qidiruvdagi shaxslar to'g'risida huquq-tartibot idoralariga xabar beradi.

AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati "qizil order"lar qonuniy ekaniga ishonch hosil qilinib, keyin ijro etilishini bildirmoqda. Bunday orderlar asosida minglab xavfli jinoyatchilar mamlakatdan chiqarilgan, biroq tanqidchilar fikricha, AQSh immigratsiya xizmati "Interpol" ko'rsatmalarini hibsga olish uchun order deb qabul qilishi natijasida ko'plab begunoh odamlar qamoqqa tushadi.

Vaholanki, AQSh Adliya vazirligi qo'llanmalarida "qizil order"ning o'zigina hibsga olish asos bo'la olmaydi, deb yozilgan.

Hibslar

Advokat Sandra Grossmanning hikoya qilishicha, 2017-yilda soxta ayblovlar sabab Rossiyadan qochganini aytgan bir tadbirkor AQShda boshpana so'rash uchun suhbatdan o'tayotganda immigratsiya xizmati tomonidan hibsga olingan.

Surishtirib ko'rsak, deydi u, tadbirkor hibsga olinishining sababi "qizil order" ekan. "Interpol"dan kelgan xat uni jamiyat uchun xavfli, qochishga moyil deb ta'riflagan.

Apellyatsiya ketidan order bekor qilingan bo'lsa-da, mijozim deportatsiya ishi yakuniga yetmaguncha hech qayerga sayohat qilolmaydi, maqomini to'g'rilay olmaydi, deydi Grossman.

AQSh Immigratsiya va bojxona ximati "qizil order"lardan qanday foydalanishi haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortdi. Adliya vazirligiga ko'ra, "Interpol" tizim suiiste'mol qilinishini bartaraf etish mexanizmlariga ega.

Advokatlarning qayd etishicha, Amerikada immigratsiya bo'yicha sudyalar ham ko'p hollarda "qizil order"ni jinoyatchilik isboti sifatida ko'rib, hibsdagi muhojirni garovga ozod etish uchun o'ta yuqori to'lov belgilaydi yoki ozod etishga ruxsat bermaydi. Masalan, Sandra Grossmanning xitoylik bir mijozi "qizil order" sabab bir necha oy qamoqda saqlangan.

Muammo shundaki, hukumatlar "qizil order" tizimini yillardan buyon suiiste'mol qilib kelmoqda. Birovni qidiruvga berish onlayn anketani to'ldirishdek gap. Natijada o'tgan 10 yilda bunday orderlar soni keskin oshgan.

Qidiruvda yetakchilar

O'ziga dushman deb bilgan odamlarni "Interpol"ga eng ko'p beradigan davlat bu - Turkiya. Undan keyingi o'rinlarda Rossiya, Xitoy, Qozog'iston, Tojikiston va O'zbekiston.

AQSh hukumati shubhali "qizil order"lardan xabardor. Masalan, Kreml tanqidchisi Bill Brauderga qarshi Rossiya chiqargan sakkizga order bekor qilingan.

"Interpol" jurnalistlar, dissidentlar, jabr ko'rganlarga qarshi qurol qilib ishlatilishiga yo'l qo'ymaymiz", - deydi AQSh Adliya vazirligi rasmiysi Edvard Okallagan.

Qoidalar qo'pol ravishda buzilgan hollarda "Interpol"ning o'zi ham chora ko'radi. Turkiya 2016-yilgi to'ntarishga urinishdan so'ng minglab odamlarni hibsga olishni so'ragan edi. Tashkilot bu talabga bo'ysunmaydi, deydi "Ozodlik uyi" huquq tashkiloti vakili Neyt Shenkan.