Breaking News

Muhammad Solihning Interpol ro'yxatidan chiqarilgani rasman tasdiqlandi


Muxolifatdagi O’zbekiston Xalq harakati raisi Muhammad Solih
Muxolifatdagi O’zbekiston Xalq harakati raisi Muhammad Solih

Muxolifatdagi O’zbekiston Xalq harakati raisi Muhammad Solih Interpol (Jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi xalqaro politsiya xizmati) qidiruvidan olib tashlangani rasman tasdiqlandi. Ammo bu O’zbekiston tomoni tashabbusi bilan emas, Interpol faoliyatidagi o’zgarishlar bilan bog’liq ko’rilmoqda. Toshkentda 1999-yilda yuz bergan portlashlar ortidan O’zbekiston hukumati talabi bilan xalqaro qidiruvga berilgan muxolifatchining aytishicha, qidiruvdan olib tashlanishi uning harakat va faoliyat erkinligini kengaytiradi.

Muhammad Solih xalqaro qidiruvdan chiqarildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:18 0:00

Muhammad Solih Norvegiyadagi advokati Trond Olsen Naas orqali Interpol xizmatiga qilgan murojaatiga javob olgan. Xalqaro politsiya Muhammad Solih qidiruvdan olib tashlanganini rasman tasdiqlagan.

Muhammad Solih 1999-yilda Toshkentda ro'y bergan portlashlarda ayblanib, unga nisbatan sirtdan hukm o’qilgan edi. Bu mahkama ortidan u hukumat so’roviga ko’ra xalqaro qidiruvga berilgan, o’shandan buyon Interpol ro’yxatida qolayotgan edi.

Avvalroq Interpoldagi ro’yxatda Muhammad Solih ko’rinmayotgani haqida xabarlar paydo bo’lgan edi. Muxolifatchi shu xabarlar ortidan Norvegiyadagi advokati orqali tashkilotga rasman murojaat qilgan, yaqinda shu murojaatga javob olgan.

“Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Muhammad Solih Interpoldagi ro’yxatda ko’rinmayapti, degan bir xabar chiqqan edi, shundan so’ng men Norvegiyadagi advokatimga murojaat qildim. Bu advokat Interpolga Muhammad Solih hamon ro’yxatdami, bo’lsa nima sababdan, chunki 1999- yildagi portlashlar yuzasidan uyushtirilgan mahkama soxtaligi bir necha bor isbotlandi, agar hamon u ro’yxatda bo’lsa olib tashlashingizni talab qilamiz, degan xat bilan chiqdi. Advokatning shu so’roviga Muhammad Solih Interpol ro’yxatida yo’q, u bu ro’yxatdan olib tashlangan, degan javob keldi bugun”, - deydi Muhammad Solih.

Siyosiy faolning qidiruvdagilar ro’yxatidan chiqarilgani haqidagi dastlabki xabarlar O’zbekistonda muxoliflarga nisbatan munosabat o’zgarayotganining dalolati o’laroq ham ko’rilayotgan edi. Ammo vaziyat muxolifatchi hukumat tashabbusi bilan emas, aynan Interpol xizmatida kechayotgan o’zgarishlar tufayli qidiruvdagi ro’yxatdan olib tashlanganini ko’rsatgan.

“O’zbekiston hukumati meni Interpol ro’yxatidan chiqarish uchun murojaat qilganini tasavvur qila olmayman, chunki O’zbekiston rejimida munosabat o’zgarayotganini hali ko’rmadik. Shuning uchun ham advokatning sa'y-harakatlari va xalqaro jamoatchilik fikri inobatga olinib, Interpol xizmatining o’z xulosalariga ko’ra ro’yxatdan chiqarildim, deb o’ylayman. Agar O’zbekiston tomoni biror tashabbus ko’rsatganda edi, buni biz bilardik, bu kabi ishoralar O’zbekiston tomonidan kuzatilgani yo’q. Qolaversa, MXX sobiq rahbari hamon kuchli, bu tizimda uning kadrlari ishlamoqda, Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy munosabatidan qat’i nazar, bu tizimning muxoliflarga nisbatan qarashi o’zgarmagan”, - deydi Muhammad Solih.

Muxolifatchilar, jurnalistlar, huquq himoyachilarining amaldagi hukumatlarga muxolifligi uchun Interpol ro’yxatiga kiritilayotgani xalqaro jamoatchilik tomonidan tanqidga uchrab keladi.

Bunday holatlar O’zbekiston misolida ham ko’p yuz bergan. Jurnalist Narzullo Oxunjonov ham Interpol ro’yxatiga kiritilgani uchun Kiyevdagi aeroportda hibs qilingan edi. Ukraina huquq-tartibot idoralari yaqinda tanqidiy chiqishlari uchun bosimga olingan jurnalistni O’zbekistonga topshirishni rasman rad etib chiqishdi.

Muhammad Solihning aytishicha, siyosiy ta’qibga tushgan, muxolifligi uchun avtoritar rejimlar talabi bilan Interpol ro’yxatiga kirgan shaxslarning bu ro’yxatdan olib tashlanishi ma’lum erkinliklar beradi, ammo hukumatlar, rejimlar o’rtasida xalqaro me’yorlar emas, ikki tomonlama kelishuvlar ustun bo’lgan bir paytda hibs, ekstraditsiya xavotiri yo’qolmaydi.

“Men Interpol ro’yxatida bo’lib ham, Yevropa Ittifoqi, AQSh kabi demokratik o’lkalarda erkin yurganman, chunki ular avtoritar rejimlarning talabiga bo’ysunmaydi. Masalan, Pragada meni tutishgan, keyinchalik ozodlikka chiqarishgan, shaxsan Chexiya prezidenti qabul qilgan, prezidenti, hukumati o’z uzrini bildirgan edi. Albatta, bu ro’yxatdan chiqarilganim harakatlanish erkinligini ta’minlaydi, ammo O’zbekiston bilan yaqin hamkorlikka ega sobiq ittifoq davlatlari, deylik, Rossiyaga safar qilish men uchun hamon xatarli, ular meni darhol hibs qilishlari tahdidi hamon mavjud”, - deydi Muhammad Solih.

Muxolafatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solih 1999-yilda Toshkentda kuzatilgan portlashlarda aybdor topilgan, sirtdan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Aynan shu portlashlar O’zbekistonda muxoliflarga nisbatan tazyiqlarning navbatdagi to’lqinini boshlab bergan. Bu portlashlarda ayblanib uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan o’nlab muxolif faollar Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgandan so'ng ozodlikka chiqdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG