"Intervyu" filmi 25-dekabrda katta ekranga chiqadi

  • Amerika Ovozi

Afisha

Prezident Barak Obama "Sony Pictures" kinokompaniyasining Shimoliy Koreya rahbari haqidagi filmini katta ekranga chiqarish qarorini olqishladi.

O'tgan hafta noma'lum xakerlar kompaniya kompyuterlaridan film ijodkorlariga doir ma'lumot o'g'irlagach va kino ekran yuzini ko'rsa, kattaroq zarar yetkazishga do'q-po'pisa qilgach, "Sony" "Intervyu" kartinasini chiqarmaslikka qaror qilgan edi.

Qo'shma Shtatlar Shimoliy Koreyani kiberxurujda ayblab, javob choralari haqida ogohlantirdi. Shundan so'ng mamlakatda internet aloqa to'qqiz soatga uzildi.

"Sony" qaroridan voz kechib, film 25-dekabrdan boshlab ayrim kinoteatrlarda namoyish etilishini ma'lum qildi.

Oq uy matbuot kotibi Erik Shulsning aytishicha, Obama kompaniya qarorini olqishladi. Prezident nazarida kartinani ko'rgisi kelgan odam shunday imkoniyatga ega bo'lishi lozim, deydi Shuls.

Obama "Sony"ning ilk qarorini xato deb, diktatorlar AQShda senzura o'rnatishiga yo'l qo'ymaslik kerak, deydi.

Pxenyan xakerlar xurujiga aloqasi borligini inkor etgan. Biroq AQSh Federal qidiruv byurosi Shimoliy Koreya aloqadorligini tasdiqlovchi dalili borligini bildirgan.