Breaking News

Gollivuddagi kiber-xurujlar ortida Shimoliy Koreya turibdimi?


Kinokomediya Shimoliy Koreya rahbari haqida
Kinokomediya Shimoliy Koreya rahbari haqida

AQSh razvedka xizmati xulosasiga ko’ra, “Sony Pictures” kompaniyasi kompyuterlariga uyushtirilgan xakerlar xurujlari ortida Shimoliy Koreya hukumati turgan.

17-dekabr kuni "Sony Pictures” kompaniyasi “Intervyu” nomli yangi badiiy filmini chiqarmaslikka qaror qildi. Komediya Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un joniga qasd qilish haqida bo’lib, bu davlat rahbari unda kulgili tasvirlangan.

Ilk rejaga ko’ra, film katta ekranlarga kelasi haftada, bayram kunlari chiqishi kutilayotgan edi. Biroq “Sony” kompaniyasi rahbarlarining elektron muloqoti keng jamoatchilikka oshkor etilib, qator yulduzlar, rejissor hamda kino sanoatida ishlovchi boshqa odamlarning obro’siga putur yetkazdi.

Ozini “Tinchlik qo’riqchilari” deb atagan guruh “Intervyu” filmi katta ekranlarga chiqarilsa uni ko’rganlar ahvoliga maymunlar yig’laydi, qabilida po’pisa qilgan.

Xatolarga to’la ingliz tilida chiqarilgan bu bayonotda 2001-yil 11-sentabr voqealari ham tilga olinadi. Kino shinavandalariga esa “Intervyu” filmi namoyish qilinayotgan kinoteatrlarga bormaslik tavsiya etiladi.

Filmda asosiy rollarni Set Rogen va Jeyms Franko ijro etgan. Syujetga ko’ra, ikki telejurnalistni AQSh Markaziy razvedka xizmati Shimoliy Koreya rahbari joniga qasd qilish uchun yollaydi.

Shimoliy Koreya komediyani terrorchilik deb atadi va “Sony” kompaniyasini filmni bekor qilishga chaqirdi.

Tahdidlar ostida AQShdagi to’rt eng yirik kinoteatrlar tarmoqlari – “Regal Entertainment”, “AMC Theaters”, “Cinemark” va “Carmike Cinemas” hamda qator kichik kinoteatrlari filmni namoyish qilishdan bosh tortdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG