Breaking News

"Koreya devori" qachon qulaydi?


9-noyabr kuni Berlin devori qulaganining 25 yilligi nishonlanadi. 1989-yilgacha davom etgan Sovuq urush Yevropaning sharqiy va g'arbiy qismlarini ikkiga bo'lib qo'ygan edi. Berlin devori qulagach, Sharqiy va G'arbiy Germaniya birlashdi, Yevropa bo'ylab kommunistik rejimlar quladi.

Osiyoning bir qismida esa Sovuq urush hali ham davom etmoqda. Koreya hali ham ikkiga bo'lingan, birlashishdan darak yo'q. Seuldagi muxbirimiz Jeyson Stroter Germaniya jamiyatining chorak asr mobaynidagi qovushishiga nazar tashlab, bu formulani Shimoliy va Janubiy Koreyaga nisbatan naqadar qo'llash mumkinligi haqida mulohaza yuritadi.

1989-yil noyabrida Sharqiy va G'arbiy Berlinni bir-biridan 30 yil davomida ajratib kelgan devor quladi. Biroq o'sha payt Sharqiy Germaniyaning yaqin ittifoqchilaridan bo'lgan Shimoliy Koreya haligacha janub bilan qovushmadi.

Pak Gun Xa o'sha payt 20 yoshlarda edi. Shimoliy Koreyada endigina harbiy xizmatini yakunlayotgan edi. Bizning mamlakatda Germaniyaning birlashishi haqida ko'p ma'lumot bo'lmadi, deydi u o'sha kunlarni eslab.

"Nemislar nega birlashayotganini bizga tushuntirishmadi. Berlin devorining qulagani esa matbuotimizda Germaniya Demokratik Respublikasida kommunistik g'oyalardan chekingan opportunist rahbarlarning faoliyati natijasi deya talqin etildi. Haqiqatni esa Janubiy Koreyaga 2005-yilda qochganimda o'rgandim", - deydi Pak.

Koreya yarimorolining bo'lingani Sovuq urushning hali ham davom etayotgan asoratlaridan. Minglab oilalar bo'linib, haligacha qovusha olmayapti, ikki mamlakat munosabatlari sovuq, muloqot kam.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Seul va Pxenyan Germaniyaning yaqin o'tmishdagi tajribasidan o'rgansa bo'ladi.

Germaniyaning Seuldagi jamg'armasi raisi Bernard Zeligerning aytishicha, Germaniya tajribasini bilgan yaxshi.

"Dunyoning hamma joylarida ham birlashish muvaffaqiyatli kechgani yo'q, ba'zi yerda esa qonli bo'ldi. Shu sabab Germaniya tajribasi koreyaliklar diqqatini o'ziga tortmoqda", - deydi germaniyalik mutaxassis.

Biroq, deydi Zeliger, Germaniya va Koreya vaziyatining o'xshashliklari bilan birga farqli tomonlari ham ko'p. Masalan, ikki Koreya aholisining iqtisodiy ahvolida farq katta. Sharqiy Germaniya Shimoliy Koreyachalik qashshoq bo'lmagan. Yoki bo'lmasa Shimoli-sharqiy Osiyodagi mamlakatlar o'rtasida ko'plab bahsli hududiy va tarixiy masalalar mavjud. O'tgan asr oxirlaridagi G'arbiy Yevropa bunday muammolar bilan yuzlashmagan.

Shu bilan birga, deydi Bernard Zeliger, Germaniyaning birlashishi qator muammolarga sabab bo'ldi. Mamlakatning g'arb va sharqida yashovchi aholining bir jamiyat sifatida uyushishiga, madaniy va iqtisodiy nomutanosiblikka barham berish uchun ko'p yillar ketdi. Bu kabi muammolar Janubiy Koreyani shimol bilan birlashish g'oyasidan ushlab turibdi, deydi Zeliger.

"10-15 yil ilgari janubiy koreyaliklar "Germaniya yo'lidan bormaymiz, iqtisodiy tomondan qiynalib qolamiz, ichki ziddiyatlar kuchayadi" deb aytgani esimda", - deydi mutaxassis.

Unga ko'ra, Germaniyaning sharqiy va g'arbiy hududlari o'rtasidagi tengsizlikni kamaytirishga 20 yilcha vaqt ketgan.

"Shu sababdan janubiy koreyalik yoshlar shimol bilan birlashishga qiziqmaydi", - deydi Zeliger.

Buning ajablanadigan joyi yo'q, axir koreys xalqi 70 yil bir-biridan ajralib yashadi, deydi Seuldagi boshqa bir nemis jamg'armasi (Fridrix-Naumann nomidagi Ozodlik jamg'armasi) rahbari Lars-Andre Rixter.

"Yoshlar va hatto ularning ota-onalari Koreya bir bo'lgan paytni eslay olmaydi, o'rtadagi tuyg'ular yo'qolgan", - deydi u.

Rixterning aytishicha, Germaniyada ajralish 40 yil davom etgan, xolos.

Shimoliy Koreyadan qochgan Pak Gun Xa hozirda Seuldagi Shimoliy koreyalik sobiq davlat xizmatchilari uyushmasida ishlaydi. Uning aytishicha, Sharqiy Germaniya rahbarlari FRGga qo'shilishdan oldin ichki islohotlarga kelishgan edi, bugungi Shimoliy Koreyada esa buning imkoni yo'q.

"Shimoliy Koreya hukumati ancha demokratik shaklga tushib, birlashish uchun tinch qadam qo'ysa, a'lo bo'lar edi. Ammo buni kutmang. Pxenyan hokimiyatdan voz kechmaydi", - deydi Pak.

Unga ko'ra, shimolda, Germaniyada bo'lgani kabi, tuzum qulasagina, Koreya yarimorolida bir davlat paydo bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG