AQShning Janubiy Koreyada 28,500 qo’shini bor. Yarim asrlik kelishuvga ko’ra, agar yarimorolda urush boshlanib ketsa har ikki davlat qurolli kuchlariga AQSh boshchilik qiladi. Ushbu vakolat kelasi yili Seul zimmasiga o’tishi rejalangan edi, ammo qaror kechiktiriladigan bo’ldi.
AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl Pentagonda koreyalik hamkasbi Xan Min Ku bilan muloqotdan so’ng yangi shartnomani e’lon qildi.
“Bu hujjatga muvofiq har ikkala davlat qo’shinlarini boshqarish huquqini Seulga topshirish jarayoni kechga qoldiriladi. Janubiy Koreya qo’shni davlatdan kelayotgan xavfga tegishli javob bera olishi uchun uning harbiy salohiyatini kuchaytirishga e’tibor qaratamiz”, - dedi Xeygl.
So’nggi yillarda Shimoliy Koreya sinov tariqasida o’z sohilidan o’nlab ballistik raketalar uchirgan. Sun’iy yo’ldosh yordamida olingan tasvirlarda uchish maydonlari yangilangani, navbatdagi sinovlarga tayyorgarlik ketayotganini ko’rish mumkin.
Mintaqa bo’yicha mutaxassis Joel Vitning aytishicha, bu Vashington va Seul mudofaa masalasida yaqinroq hamkorlik qilishi kerakligini yana bir bor namoyish etadi.
“AQSh sabr-toqat bilan ish tutib kelmoqda, chunki biz shunday strategiyani tanlaganmiz. Ammo bu davr ichida Shimoliy Koreyaning yadro va raketalar dasturi ancha rivojlandi”, - deydi u.
Janubiy Koreyada Amerikaning qariyb 30 ming sonli qo’shini joylashtirilgan. Janubiy Koreyaning o’z armiyasi 640 ming kishidan iborat. Amaldagi qoidalarga binoan yarimorolda urush chiqqan taqdirda barcha qo’shinlarga AQShning to’rt yulduzli generali Kurtis Skaparotti boshchilik qiladi. Janubiy koreyalik general unga muovin. Pentagonda imzolangan yangi kelishuv 60 yillik mana shu strukturani saqlab qoladi.
Yaqinda Pxenyan bir necha oy qamoqda saqlangan amerikalikni ozod etdi, Seulga yuqori darajali delegatsiya yubordi. Bunday kutilmagan ijobiy qadamlardan ko’pchilik taajjubda.
Amerika Biznes institutidan Maykl Oslinga ko’ra, keskinlikni pasaytirish uchun bundan-da jiddiyroq va jadalroq harakatlar zarur.
“Shimoliy Koreyada haqiqatan shunday istak bo’lsa, dunyo bilan normal aloqa qilishni xohlasa, allaqachon qilgan bo’lardi. Tortishuv, oldi-berdi va iltimoslarga hojat qolmagan bo’lardi”, - deydi Oslin.
Dunyodagi eng yopiq o’lka harbiy salohiyatini namoyish qilib kelayotgan bo’lsa-da, AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeyglning aytishicha, Janubiy Koreyada raketa hujumiga qarshi ilg’or mudofaa sistemalarini o’rnatish hozircha rejalanmagan.