Breaking News

Pekin Obamaning Osiyo safaridan xavotirda


Pekin Obamaning Osiyo safaridan xavotirda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00
Prezident Barak Obama Osiyoga safari davomida, agar Xitoy va Yaponiya o’rtasida nizo chiqadigan bo’lsa, Vashington Tokioga yordam berishini ma’lum qildi. Shuningdek, safar doirasida Filippin bilan yangi mudofaa bitimi imzolandi. Ayrimlar bu voqealar ortida Vashingtonning Xitoy jilovini tortishga qaratilgan siyosati turganini da’vo qilmoqda.

Prezident Barak Obamaning Osiyo safaridan ko’zlagan asosiy maqsadi mintaqa bo’ylab iqtisodiy va xavfsizlik bo’yicha hamkorlikni kuchaytirish ekani aytilmoqda. Ammo uning Pekinga tashrif buyurmagani ayrim Xitoy rasmiylarida savol uyg’otmoqda.

Shuningdek, Yaponiya va Filippin bilan harbiy hamkorlik haqida alohida muzokaralar o’tkazilgani rasmiy Pekinning xavotirlariga sabab bo’ldi.

Gonkong universiteti professori Alexandro Reyes Xitoyning bunday qarashini o’zgartirish juda qiyin ekanini aytadi.

“Pekinning munosabati salbiy ekanini allaqachon tushundik. Ular prezidentning tashrifini Xitoyni jilovlashga qarartilgan harakat sifatida ko’rmoqda”, - deydi professor Reyes.

Xitoy matbuoti Obamaning Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari bilan tuzilgan erkin savdo zonasiga Yaponiyani muvaffaqiyatli jalb eta olmagani hamda Tokio va Seul o’rtasidagi munosabatlarni yaxshilay olmagani haqida yozdi.

Xitoy ommaviy axborot vositalari, shuningdek, AQShni minataqada Xitoyga qarshi ittifoqchilar yig’ayotganlikda ham ayblamoqda.

Ammo Malayziyaning yo’qolgan samolyotini qidirish hamda Filippinda yuz bergan to’fon talofatlarini bartaraf etishda AQShning hamda xavfsizlik bo’yicha kengroq hamkorlikning mintaqa xavfsizligi uchun naqadar kerakli ekani ma’lum bo’ldi, deydi professor Reyes.

“AQSh mintaqada qilayotgan ish aslida shu. Harbiy hamkorlik juda muhim. Masalan, NATO kabi xavfsizlik tizimlari yo’q bo’lgan mintaqada bunday aloqalar kerak”, - deydi tadqiqotchi.

Reyesning fikricha, AQSh Xitoy bilan ham harbiy aloqalarini kuchaytirishi kerak.
Ammo ayrim kuzatuvchilarning aytishicha, AQSh Xitoyga ortiqcha e’tibor berib yuboryapti. Vashingtonning mintaqadagi hamkorlari AQShga nima manfaat keltira oladi, shu haqda ko’p o’ylamayapmiz, deydi AQShning sobiq savdo maslahatchisi Klayd Prestovits.

“Yaponiya, Koreya, Filippin yoki Malayziya uchun Xitoy xavflimi? Menimcha, unday emas. Shunday bo’lgan taqdirda ham, AQShga tahdid soladimi? Aslo unday emas. Shunday ekan, nima uchun biz himoya bilan ta’minlayapmiz? Bundan AQShga nima foyda?” – deydi Prestovits.

O’zining Osiyoga oid yangi strategiyasidan Vashington qanday manfaat kutayotgani ham noaniq. So’nggi yillarda AQSh harbiy byudjetni qisqartirish yo’lidan bormoqda. Xitoyning mudofaa xarajatlari esa yil sayin oshib borayotir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG