Ayova shtati prezidentlikka nomzod etib kimni tanladi?

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka nomzodlarni saralash jarayoni boshlandi

Oq uy uchun kurashayotgan arboblarni saralash jarayoni boshlandi. Ayova shtati respublikachilari nazarida, Texas shtatidan senator Ted Kruz prezident bo'lish uchun munosib. Demokratlar orasida esa Hillari Klinton eng ko'p ovoz olgan.

Oldinda qolgan shtatlarda partiyaviy saylovlar. Ikki yirik partiyadan yagona nomzod kim bo'ladi, buni yozga borib bilamiz.

Reytinglarda respublikachilardan milliarder Donald Tramp, demokratlardan esa Hillari Klinton birinchi ketmoqda, ammo har ikkisi jiddiy raqiblar bilan yuzma-yuz.

Tramp va Florida shtatidan senator Marko Rubio Kruz bilan bellashishda davom etadi, chunki ularning har biri salmoqli ovoz olgan.

Bugun ovoz berishga kelganlarning aksariyati Vashingtondan norozi. Federal hukumat xalq dardini tushunmaydi, siyosatchilar aholi manfaatlari uchun kurashmaydi, yangi prezident vaziyatni o'zgartirishi kerak, deydi har ikki partiya a'zolari.

Respublikachilar muammolarda asosan Prezident Barak Obama va uning partiyasini ayblaydi. Demokratlar aybni bevosita Oq uyga qo'ymasa-da, o'z partiyalarini siyosiy nayrangbozlikda, lo'ttibozlik va safsatada tanqid qiladi.

Bugun ovoz bergan har 10 demokratning olti nafari kelasi rahbar Prezident Obamaning ishlarini davom ettirishi kerak deb hisoblaydi.

Yoshlar orasida sotsialist-demokrat Berni Sandersning nufuzi baland. Klinton xonim ular nazarida siyosatni kasb qilib olgan va ulkan o'zgarishlar qila olmaydi. Lekin Sanders yutqazgan taqdirda ular umumiy saylovda Klinton uchun ovoz berishga tayyor.

Kruzga nisbatan yetakchi respublikachilar orasida tanqid kuchli. Ular senatorni tizimni tubdan o'zgartirib, parokandalikka yetaklashi mumkin bo'lgan siyosatchi sifatida ko'radi. Biroq konservator liderlar Tramp haqida ham ijobiy fikrda emas. Lekin ommaviy so'rovlarda aksariyat respublikachilar uni ma'qul ko'rishini aytmoqda.