Prezidentlik uchun demokratlardan uch nomzod kelasi hafta Ayova shtati partiya faollarining qurultoyi oldidan oxirgi bahsni o’tkazdi.
Sobiq davlat kotibi Xillari Klinton o’zini “sinalgan kurashchi” sifatida tasvirlab, Prezident Barak Obama hukumatida ishlab qo’lga kiritgan tajribasiga urg’u berdi. U Obamaning o’zi haqida ijobiy fikr bildirganini ham eslatib o’tdi.
“Ayovada ikkalamiz o’zaro qattiq kurash olib borganimizni yaxshi eslaysizlar. Keyin Obama menga davlat kotibi vazifasini ishonib topshirdi. Biz nafaqat yaxshi ishladik, balki haqiqiy do’stlarga aylandik. U ishning murakkabligini yaxshi biladi va men haqimda ijobiy fikr bildirganidan minnatdorman”, - dedi Klinton.
So’nggi haftalarda Klintonning asosiy raqibi Berni Sanders reytingida o’sish kuzatilyapti. U Ayovadagi so’rovlarda Klinton bilan bir o’rinda.
Sandersning Klinton tajribasiga ishora qilib aytishicha, prezident bo’lishda tajriba muhim, ammo u eng muhim talab emas.
“Tajriba kerak, ammo qanday qaror berish ham muhim. Masalan, sobiq vitse-prezident Dik Cheyni juda tajribali edi, ammo tashqi masalalar bo’yicha yuritgan siyosati falokatli bo’ldi. Demak, tajriba zarur, ammo u yagona mezon emas”, - deydi Sanders.
Merilend shtatining sobiq gubernatori Martin Omalli so’rovlarda ancha orqada, ammo g’olib bo’lish umidida harakatini susaytirgani yo’q.
“Odamlarning qiziqishlari ortib bormoqda. Ayova xalqining ajoyib tomoni shundaki, so’rovlar, ekspertlar ularni qo’rqita olmaydi, ular rejalarni o’zgartirishga qodir. Kurashda faqat uch kishi ekamiz, oramizdan faqat bittamiz ana shu tartibni buzib chiqishimiz mumkin”, - deydi u.
Omallining qanday natijaga erishishi boshqa nomzodlar uchun ham qiziq. Agar Ayovadagi ilk saylovlarda u 15 foiz ovoz to’plolmasa, keyingi bosqichda qatnasha olmaydi va tarafdorlari yo Klinton, yo Sanderni tanlashi kerak.
Ayovadagi saylov 1-fevral kuni bo’lib o’tadi.