Eron Markaziy Osiyoda qanchalik faol?

Eron atom quroliga ega bo’lgan taqdirda bu Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz uchun nimani anglatadi? Dunyoning olti yirik davlat – AQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya va Britaniya – islomiy respublika bilan uning yadro dasturi yuzasidan murosa qilishga urinar ekan, Tehron ham G’arb bilan uzoq davrdan beri yopilib qolgan eshiklarni ochishga harakat qilmoqda, deydi muzokaralarni yaqindan kuzatayotgan siyosatdonlar.

Your browser doesn’t support HTML5

Eron va Markaziy Osiyo - Bugungi rishtalar va xavotirlar - Navbahor Imamova

Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti forumidamiz. AQShning bu mintaqalarga nisbatan siyosati, bugungi vaziyat va hayotni o’rganuvchi ilmiy markaz ikki ekspertni minbarga taklif qilib, Eron bugun bu hududlarda qanchalik faol ekani haqida tinglamoqda. Javob, oddiy qilib xulosalaydigan bo’lsak, u qadar faol emas. Passiv desak ham xato bo’lmaydi, deydi Richard Vayz, Gudzon instituti tahlilchisi.

Eron sharqiy va shimoliy qo’shnilariga befarq emas va u yerdagi jarayonlarni ko’zdan qochirmaydi albatta, deydi olim. Buyuk maqsadlar haqida gap ketadi. Ozarbayjon, Gruziya va Armaniston, shuningdek, Turkmaniston, Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikiston bilan rishtalarni mustahkamlash, savdo-sotiqni kuchaytirish, ilmiy-madaniy sohalarda ham hamkorlikni kengaytirish kerak, degan chaqiriqlar bor. Biroq amalda dadil qadamlar tashlanayotgani yo’q va bundan biror tomon norozi ham emasdek, deya kuzatadi Richard Vayz.

Eron tashqi siyosati Yaqin Sharqdagi dinamika hamda G’arb bilan aloqalarga qaratilgan, Tehronning ko’ziga hozir boshqa narsa deyarli ko’rinmaydi, deydi Aleks Vatanka, bu davlat bo’yicha yetak mutaxassislardan biri.

Agar Eron jahonning yetakchi davlatlari bilan kelisha olsa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari bilan hamkorlik imkoniyatlari ham kengayadi. Tehron Amerika va Rossiya bilan qanchalik iliq gaplashsa, ularning ta’siri ostidagi davlatlar bilan ham ish osonroq kechadi, deydi Vatanka. Turizmdan tortib xavfsizlikkacha, uzoq yillardan beri sanksiya ostida kun kechirayotgan islomiy respublika ulardan qutulishga bel bog’lagan, deya tushuntiradi ekspert. Uning aytishicha, Prezident Hasan Ruhoniy va uning atrofidagi odamlar nazarida bugungi eng muhim vazifa sanksiyalarni bartaraf etish. G’arb, xususan AQSh bilan murosa yo’lidan borish dindor elita ichida keskin qarshilikka sabab bo’lishiga qaramasdan, Ruhoniy o’z ahdida qattiq turibdi.

Sanksiyalarning yumshatilishi yoki olinishi ketidan Eron chet eldan katta sarmoya kutmoqda, deydi tahlilchilar. Bu sohada ham Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz oldingi o’rinda bo’lmasligi mumkin lekin sarmoya va taraqqiyot natijasida yaqin davlatlar bilan tijorat ko’lami oshishi muqarrar.

Eron bu mintaqalarda o’z elchixonalariga ega. Madaniy tadbirlar o’tkaziladi, o’zaro safarlar uyushtiriladi. Lekin davlatlar ehtiyotkor. Shia taqvodorlar boshqaradigan tuzum, Eron qanchalik qadim va boy sivilizatsiya bo’lmasin, atrofdagi jamiyatlarda rasmiylar va jamoatchilik tomonidan ishtiyoq va harakat emas, qo’rqinch va xavotir bilan tilga olinadi.

Markaziy Osiyoda Eronning eng yaqin hamkori Tojikiston. Afg’oniston bilan esa rishtalar uzun va murakkab. Umuman olganda, Tehron har bir davlat bilan o'ziga xos rishtalarga ega. Shu bois ham gap aslida sakkiz alohida aloqa haqida ketmoqda, deydi tahlilchilar. Eron va Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Janubiy Kavkazdagi uch mamlakat.

Tehronning siyosiy nufuzi qanday bo’lishidan qat’i nazar, bir narsa ayon, deydi mintaqaga borib turadigan Aleks Vatanka, fors musiqasi har yerda quloqqa chalinadi, taom va shirinliklar yuqori o’rinda. Balki Eron bilan yaqinlikni hali ham mana shu madaniy boyliklar ushlab turgandir, deya mulohaza yuritadi ekspert.

Amerika bilan erishilgan kelishuv ish bersa, bu hamma uchun, jumladan shimol va sharqdagi qo’shnilar uchun ham foydali burilish bo’ladi. Vashington va Tehronda bu borada kechayotgan tortishuvlar global ahamiyatga ega jarayonlar, deydi Vatanka va Vayz. Yadroviy mojaroga hech kimning xoli yo’q.