Breaking News

Eron bo’yicha kelishuvning Markaziy Osiyo uchun ahamiyati qanday?


O’zbekiston Eron yadroviy dasturi bo’yicha erishilgan xalqaro kelishuv mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi degan umidda. Atom qurolidan xoli Markaziy Osiyoda bu borada bosiq munosabatlar bildirilmoqda.

Eron bo’yicha kelishuvning Markaziy Osiyo uchun ahamiyati qanday? - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:18 0:00

Sharhlovchilarga ko’ra, kelishuv mintaqa uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Rasmiy Toshkentning bu boradagi qarashlari Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan o’tgan uchrashuvda bildirilgan. Toshkentda Lavrov bilan muloqot qilgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning aytishicha, Eron bilan kelishuv mintaqa xavfsizligini va yadroviy qurollarni tarqatmaslik tartibini mustahkamlaydi.

Markaziy Osiyo ommaviy qirg’in qurollaridan xoli hudud deb e’lon qilingan, bu borada tegishli xalqaro bitim imzolangan. Eron yuzasidan kelishuvga nisbatan mintaqa davlatlarida munosabat bosiq, bu ko’proq regionda Eron ta’siri nisbatan zaifligi bilan izohlanadi.

“Chunki Eronning mintaqaga ta’siri g’oyaviy, shialik jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham unchalik emas. Eronning ta’siri Yaqin Sharqda kuchli, bu mintaqaga qaraganda bizda shialar nufuzi juda kam. Shuning uchun biz uchun bu kelishuvning ta’siri kam. Ammo yaqinda Karimov Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) yadroviy qurolga ega davlatlar hisobiga kengayib borayotganidan xavotir bildirdi, ya’ni Pokiston va Hindistonni tashkilotga a’zo bo’lishi geosiyosiy muvozanatni o’zgartiradi deb. Ammo men Eron yaqin orada ShHTga qo’shib olinadi deb hisoblamayman”, - deydi Turkiyada yashayotgan o’zbek faoli Namoz Normo’min.

Eron atom programmasi bo’yicha erishilgan bitimdan asosan Isroil norozi. Dunyodagi aksariyat davlatlar uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan bu mojaro nihoyat yakun topganini ijobiy baholashmoqda.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida kelishuv mamnuniyat bilan qabul qilingani va mintaqa taraqqiyoti uchun xizmat qilishi izhor etiladi.

Namoz Normo’minga ko’ra, kelishuv nafaqat Yaqin Sharqda o’zaro raqobatda bo’lgan Eron va Turkiya munosabatlari, balki bu munosabatlar orqali Markaziy Osiyo uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

“Turkiya uchun bu juda muhim ahamiyatga ega, chunki Turkiya va Eron o’rtasida raqobat kuchli. Bu raqobat avvalo g’oyaviy ildizga ega. Bilasiz, Turkiya sunniy dunyoning lideriga aylangan bir o’lka, Eron esa shialar davlati - bu yerda katta raqobat bor. Turkiyaning hozirgi qo’llab-quvvatlashi bir muddat bo’lsa ham hozir Eron yadroviy dasturini to’xtatilishidan manfaatdorlik. Hozir Rossiya bilan ayrim shartnomalar bor atom eletr stansiyasini qurish borasida. Atom qurollarini ishlab chiqarish uchun esa birinchi qadam shunday stansiyalarni qurishdan iborat”, - deydi Normo’min.

Sharhlovchiga ko’ra, geosiyosiy silkinishlar yadroviy qurollanish poygasini yana kun tartibiga chiqarmoqda, bu esa turli darajadagi xalqaro kelishuvlarni omonat qiladi.

“Markaziy Osiyo davlatlari yakka tartibda bunday qudratga ega emas, bu juda jiddiy xarajat va qudratni talab etadigan ish. Yadroviy qurollarni tarqatmaslik, bundan xoli hudud sifatida shartnoma imzolashgan, bunday shartnomalar faqat bizda emas, ko’plab mamlakatlarda ham imzolangan. Ammo afsuski hozir sovetlar davridagi yadroviy qurollar bilan boshqa davlatlarni bo’ysundirish siyosati yana davom etmoqda. Shuning uchun ham davlatlar o’z mustaqil siyosatini davom ettirish uchun yadroviy qurolga ega bo’lishga intiladi. Afsuski, mintaqa davlatlari taraqqiyoti hozircha bu darajada emas”, - deydi Namoz Normo’min.

14-iyul kuni Venada P5+1 guruhi, ya’ni AQSh, Britaniya, Germaniya, Fransiya Rossiya, Xitoy diplomatlari ishtirokida imzolangan kelishuv Eron yadroviy dasturini nazorat qilish tartibi, Eronga nisbatan sanksiyalardan bosqichma bosqich voz kechish tartibini belgilaydi.

Tehron o’z yadroviy dasturi tinch maqsadlarga yo’naltirilganini ta’kidlab keladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG