Eronda o’tgan parlament saylovlarida konservativ nomzodlar poytaxt Tehrondagi barcha 30 o’rinni qo’lga kiritdi. Eron davlat televideniyesiga ko’ra, Tehron sobiq hokimi Muhammad Bog’er Qalibaf eng ko’p ovoz olgan – 1,2 milliondan ko’p saylovchi uni qo’llab-quvvatlagan. Qalibaf parlament spikeri lavozimiga da’vogarlardan biridir.
21-fevral kungi saylovda 7000 dan ziyod nomzod qatnasha olmagan – ularning aksariyati islohotchi va mo’tadil ekani aytilmoqda, Eron konstitutsiyasi posbonlari kengashi ularni poygadan chiqarib yuborgan. 290 o’rinlik parlamentning 90 nafar amaldagi qonunchisi ham saylovda qatnasha olmadi.
Yettita saylov okrugida g’oliblar aniqlanmagani bois aprel oxirida saylovlarning ikkinchi bosqichi bo’lib o’tadi.
Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko’ra, jarayonda saylovchilarning 42,57 foizi qatnashgan. Bu 1979-yilgi islom inqilobidan beri eng past ko’rsatkichdir. Tehronda saylovchilarning atigi choragi saylovga chiqqan. 2016-yil saylovlarida 62 foiz, 2012-yilda esa 66 foiz saylovchi ovoz bergan edi.
Oliy diniy rais Oyatulla Ali Xomeneiyning aytishicha, Eron dushmanlari koronavirus tahdidi haqida yolg’on xabarlar tarqatib, odamlarning saylovda qatnashishiga xalaqit bermoqchi bo’lgan.
Eronda toj virusidan ilk kasallanish haqida saylovdan ikki kun oldin xabar berildi. O’shandan beri sakkiz odamning undan o’lgani ma’lum. Besh shahar, jumladan Tehronda jami 43 odamning virus yuqtirgani ma’lum. Poytaxt dorixonalarida niqoblar va qo’lni tozalash vositalari tugagani aytilmoqda.
Virus tarqalishining oldini olish maqsadida Tehron va yana oltita shaharda maktablarda o’qish bekor qilingan, futbol o’yinlari qoldirilgan, kinoteatrlar va boshqa madaniy maskanlar yopilgan.
Rasmiylarning aytishicha, kuniga uch million odamga xizmat ko’rsatuvchi Tehron metrosida dezinfeksiya ishlari olib boriladi.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Eron saylovlarini soxta deb qoraladi. 20-fevral kuni Qo’shma Shtatlar Eron Posbonlari kengashi va Saylovlarni nazorat qilish qo’mitasini saylovlarni soxtalashtirganlikda ayblab, besh a’zosini qora ro’yxatga kiritdi.