Xalqaro hamjamiyat va Eron muzokarasi natijasiz tugagan

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshtonning aytishicha tomonlar kelasi oy Turkiyada yana uchrashishga kelishib olgan.

Jenevada Eron va xalqaro hamjamiyat o’rtasida yadro mojarosiga doir muzokara natijasiz tugagan.

Islomiy respublika uranni boyitish dasturidan voz kechmoqchi emas. Tehron bosim va sanksiyalardan baribir naf yo’q demoqda.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshtonning aytishicha tomonlar kelasi oy Turkiyada yana uchrashishga kelishib olgan.

Maqsad Eron yadro dasturi atrofidagi bahsga yechim topish.

Eshton muloqotda qatnashayotgan olti davlat – AQSh, Britaniya, Germaniya, Xitoy, Fransiya va Rossiya nomidan gapiradi.

Eron yadroviy izlanishlari faqat tinch niyatni ko’zlashini ta’kidlab keladi. Ammo xalqaro hamjamiyat xavotiri shundaki, Tehron yashirincha yadro bombasi ustida ishlayotgan bo’lishi mumkin.

Jeneva uchrashuvi so’nggi bir yilda Eron va G’arb o’rtasida kechgan ilk yuzma-yuz muloqotdir.

Eron bosh muzokarachisi Said Jaliliy “yadroviy izlanishlarni davom ettiramiz va bunga haqlimiz”, - deydi.

“Uranni boyitish dasturini tugatish haqida gap bo’lishi mumkin emas va kelasi oy Istanbuldagi muzokarada buni muhokama qilish befoyda. Eron dunyoning boshqa davlatlarida yadro zaxiralari, ommaviy qirg’in qurollari omborlari haqida gaplashadi, tamom”, - deydi Jaliliy.

Biroq G’arb tahlilchilari nazarida bu dabdabali gaplarga qaramay Eron siyosiy maydonda yakkalanib qolgani va iqtisodiy sanksiyalardan qattiq zarar ko’rayotgani ayon.