Amerika Davlat kotibi Jon Kerri payshanba kuni Senat Tashqi aloqalar qo'mitasidagi tinglovda Eron bilan erishilgan bitimni himoya qildi.
Bir necha respublikachi senator kelishuvni soxta, aldovga asoslangan deya tanqid qilgan. Kerri safida bitimni Energetika vaziri Ernest Moniz va Moliya vaziri Jeykob Lyu ham mudofaa qildi.
Senator Bob Korker nazarida mazkur kelishuv Eron yadro qurolini yaratishiga rasman yo'l ochib berdi.
Kerrining aytishicha, Eron hozirning o'zida zamonaviy yadro quroliga ega. U qo'llanishining oldini olishning yagona yo'li - xalqaro tekshiruvlardir, deydi bosh diplomat.
Tehron bilan kelishib, jahonni xavfsizroq qildik, deydi u. Shartnomaga ko'ra, Eron yadroviy tadqiqotlarini qisqartiradi, evaziga xalqaro sanksiyalar sekin-asta olib tashlanadi.
Ayrim demokratlar, xususan, senator Ben Kardin hujjatni olqishlamoqda. Kelishuv Eron va jahon ahlini birlashtirishi aniq, deydi u.
Lekin aksariyat respublikachilar, jumladan, prezidentlikka da'vogar Marko Rubio qarshi.
Eron hukumati bilsinki, Kongressning ko'pchilik a'zolari bu bitimni yoqlamaydi va prezident Obama ishdan ketgani zahoti kuchini yo'qotadi, deydi Rubio.
Kongress Eron bilan tuzilgan shartnomani ikki oy ichida ko'rib chiqib, yo rad etishi, yo tasdiqlashi kerak.