Eron rasmiysi yadroviy muzokaralardan umidvor

  • Amerika Ovozi

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif Tehron yadroviy dasturi atrofidagi mojaro 24-noyabrga borib hal bo’lishiga umidvor ekanini bildirdi.

1-sentabr kuni Zarif Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat uchun mas’ul rasmiysi Ketrin Eshton bilan Bryusselda muzokara olib bordi va so’zlashuvlarni “yaxshi” deb baholadi. U, shuningdek, Belgiya Tashqi ishlar vaziri Didye Reynders bilan uchrashdi.

Eron va dunyoning qudratli davlatlari ko’p oylardan beri masala yuzasidan so’zlashuvlar olib boradi, ko’p tomonlama shartnomaga erishishga urinmoqda. Kelishuvga ko’ra, Eron yadroviy dasturini qisqartirishi ko'zda tutilgan, evaziga bu davlatga nisbatan joriy etilgan va iqtisodiga jiddiy ta’sir qilgan sanksiyalar yumshatiladi.

G’arb davlatlari Tehronni atom quroli ustida ishlayotganlikda ayblab keladi, Eron esa bunday iddaolarni inkor etadi.

Shanba kuni Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Tehronda jurnalistlarga AQShning Eron shirkatlari va alohida shaxslariga nisbatan joriy etgan sanksiyalari muzokaralar ruhiga qarshi, deb aytdi. AQSh Moliya vazirligi sanksiyalarni juma kuni e’lon qilgan edi.

Zarif deydiki, dunyoning olti eng qudratli davlati bilan muzokaralarda Eron muvaffaqiyatga erishish niyatida. Sanksiyalar esa so’zlashuvlarga to’siq bo’lmoqda.

Muzokaralarning keyingi bosqichi sentabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yig’ini chog’ida bo’lib o’tadi.