BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida qatnashish uchun Nyu-Yorkka yo'l olgan Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning aytishicha, Qo’shma Shtatlar xalqaro yadroviy shartnomadan ortiq chiqmasligiga kafolat bermasa, Tehron hujjatni imzolamaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Eron rahbari bu haqda AQShning CBS telekanali bilan suhbat chog’ida so’zladi.
“Agar Eron yangi shartnomaning puxta va davomiy bo’lishini istasa, AQSh prezidentining undan chiqishini xohlamasa, orada ishonch bo’lishi uchun AQSh bilan siyosiy muloqotni kengaytirishi kerak”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti eksperti Aleks Vatanka.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashining so’zlovchisi Jon Kirbi so’zlariga ko’ra, ayni paytda AQSh va Eron yadroviy bitimga kelishishdan olisda, biroq kelishuvni jonlantirish har ikki taraf manfaatiga xizmat qiladi.
“Qo’shma Shtatlar bitimga qaytishga shay, unga amal qilish tarafdori. Oldingi prezidentimiz undan chiqishidan oldin ish berayotgan edi”, - deydi rasmiy.
Biroq Kongressdagi ayrim respublikachi qonunchilar Bayden ma’muriyatining shartnomani jonlantirishga qaratilgan harakatlariga e’tiroz bildirmoqda. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda kongressmen Tim Burchet Eronga ishonmasligini aytdi.
“Eron asossiz, noreal talablar qo’ymoqda. Masalan, 2015-yilgi bitimda belgilangan iqtisodiy imtiyozlardan manfaatdor bo’lib, yashirin yadroviy faoliyatining BMTdagi tergovini to’xtatishni talab qilishyapti”, - deydi qonunchi.
Kongressning yana bir respublikachi vakili Maykl Makkol sanksiyalar yumshatilsa, Eron o’zini qanday tutishi mumkinligi haqida xavotir bildirdi.
“Sanksiyalar bekor qilinib, Eron milliardlab dollar ishlay boshlasa, o’tgan safargi holat takrorlanishidan tashvishdaman, ya’ni Tehron Suriya, Livan va Iroqdagi terror amaliyotlarini moliyalaydi, XAMASga yordam beradi, Yamanda xusiy isyonchilarni qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi qonunchi.