AQSh prezidentiga ko’ra, Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralarning 8-davrasidan so’ng bir oz olg’a siljish bor. Yirik mamlakatlar 2015-yilda imzolangan yadroviy bitimni jonlantirishga urinmoqda.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp 2018-yilda bitimdan chiqishi ketidan Eron bitim shartlari ijrosiga ortiq mas’ul emasligiga ishora qildi. Bayden prezidentlikka saylanishi ketidan shartnomani jonlantirishga qiziqish bildirdi, biroq Tehron buning uchun barcha sanksiyalar olib tashlanishini talab qilmoqda.
Eron diplomatlari Yevropa vakillari bilan yuzma-yuz, AQSh bilan esa vositachi orqali gaplashmoqda.
Bayden muzokaralarda olg’a siljish bor, deydi.
Chorshanba kuni Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashdi, payshanba kuni esa Rossiya parlamentida so’zladi.
"Biz yadro qurolini yaratishga intilmayapmiz. Mudofaa strategiyamizda bunday qurollarga o’rin yo’q”, - dedi Raisiy.
Eron siyosatini o’rganuvchi tahlilchilar Tehron bitimga qaytishiga umid qilmoqda.
“Nazarimda, Prezident Bayden “muzokaralarda olg’a siljish bor” deb baholashiga asos shuki, tahliliy nuqtai nazardan kelishuv aniq. Va uning natijasida sanksiyalarni yumshatish va Eronning uranni boyitish dasturiga qoʻyilgan cheklovlarni bekor qiluvchi shartlarni uzaytirish evaziga Eron 2015-yilgi yadroviy kelishuvdagi majburiyatlariga qaytadi. Tahliliy jihatdan kelishuv shaklini ko’rsa bo’ladi, biroq Tehronda kelishuvni muhrlash uchun siyosiy muhit bormikan?”, - deydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazidan Robert Litvak.
Vaziyat izdan chiqishi mumkinmi? Shunday bo’lgan taqdirda qanday variantlar mavjud?
“Agar diplomatiya ish bermasa va harbiy kuch qo’llashga jiddiy cheklovlar bo’lsa, Amerika g’anim davlatlarga nisbatan qo’llab kelgan an’anaviy strategiyasini ishga solishi mumkin – jilovlash va ushlab turish. Bu yondashuv Stalin paytida Sovet Ittifoqiga qarshi, Mao paytida Xitoyga qarshi, Kim oilasi boshqaruvidagi Shimoliy Koreyaga qarshi ish bergan. Eronga nisbatan harbiy kuch qo’llash tarafdorlari Tehronni xavfli, mantiqsiz deb atamoqda. Biroq AQSh razvedkasi xulosasiga ko’ra, Eronni bunday baholash noto’g’ri, Tehron foyda va xarajat tahliliga qarab ish tutadi”, - deydi Litvak.
Eron sanksiyalar bekor qilinsa, uning yadro faoliyatini cheklovchi va nazorat qiluvchi bitimga qaytishga tayyor ekanini bot-bot aytadi.
Facebook Forum