Avstriya poytaxtida Eron diplomatlari Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSh, Rossiya va Xitoy rasmiylari bilan muzokarada. Tomonlar 2015-yildagi yadroviy kelishuvni tiklamoqchi. Tehronning asosiy talabi - Eron o'z neftini bemalol eksport qila olishi lozim. Besh davlatning talabi - Eron yadroviy dasturini qisqartirishi va bu boradagi faoliyatini oshkora olib borishi kerak.
2018-yilda o'sha paytda Amerikani boshqarayotgan Donald Tramp Eronni yolg'onchilikda ayblab, unga qarshi sanksiyalarni kuchaytirgan va 2015-yilda imzolangan bitimni chetga uloqtirgan edi. Natijada Eron o'zining asosiy boyligi neftni chetga sotish imkoniyatlaridan ayrilgan. Ko'plab xalqaro kompaniyalar u bilan hamkorlikni to'xtatgan.
"Tehron bu muzokaralardan aynan neft bozoriga chiqish imkoniyatlari tiklanishini istaydi", - deydi Tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullahiyan.
"Maqsadimiz - Eron qora oltinini bemalol sota olsin, to'siqlardan qutulaylik va bank hisoblarimizga qo'yilgan cheklovlar olib tashlansin".
Amirabdullaniyan deydiki, kelishuv iqtisodiy imtiyozlar qanday bo'lishiga bog'liq. Kafolat va tekshiruv kuchli bo'lishi kerak, degan chaqiriqlar har ikki tomonda yangramoqda.
Eron prezident Ibrohim Raisiy esa iqtisodiy sanksiyalar ostida ekan, davlatning yadroviy dasturida o'zgarish bo'lmaydi, deya eslatmoqda,
Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Said Xatibzoda ta'kidlashicha, Tehronga yangi shartlar qo'yilmasligi kerak. 2015-yildagi bitim o'zgarmasligi lozim, deydi u.
Amerika kelishuvni bekor qilganidan beri Eron uranni boyitish darajasini 60 foizga chiqargan. Bu esa atom quroli yaratishni tezlashtiradi, deydi ekspertlar.
Eron hukumatiga ko'ra, uning yadroviy dasturi tinch maqsadlarni ko'zlaydi, lekin qo'shni davlatlar va G'arb bunga ishonmaydi.
Isroil Eronga atom quroliga ega bo'lishi uchun aslo yo'l bermasligini qayd etadi.
"Xalqaro hamkorlik va hamjihatlik tarafdorimiz. Ammo, zarur bo'lsa, o'zimizni mudofaa qilamiz", - deydi Yayir Lapid, Isroil Tashqi ishlar vaziri.
Yevropa Ittifoqi muzokaralarni tezlashtirib, kelishuv uchun dadilroq harakat qilishga undamoqda.
Rossiya vakili Mixail Ulyanov fikricha, bitim fevralda imzolanishi uchun bor kuchni ishga solish kerak.
Facebook Forum