Breaking News

Eron G'arb bilan 2015-yilgi kelishuvga qaytadimi?


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

Vashington Eronni 2015-yilda erishilgan yadroviy bitim shartlariga qaytarish payida, ammo Tehron bunga qanchalik tayyor? Amerika va uning ittifoqchilari yaqin kelajakda bevosita muzokara boshlanadi, degan umidda.

“Yaqin kunlarda bu masala oydinlashadi”, - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

Eron yo'q deb javob bermagan, ammo muloqotga ham shoshmayapti. Vaqt yutishga harakat qilayapti, deydi uni kuzatib turgan tahlilchilar.

Bilvosita muzokara esa allaqachon avjida. AQSh va Eron diplomatlari hamkor mamlakatlar va tashkilotlarning diplomatlari orqali masalani ko'rib chiqmoqda. Venada shu yilning aprel-iyun oylarida besh uchrashuv o'tgan. Biror qarorga kelinmagan, ammo katta muzokaralar uchun zamin hozirlangan.

G'arb 2015-yilda Eronni iqtisodiy ko'mak evaziga yadroviy dasturini qisqartirishga ko'ndirgan edi. Tehton atom qurollari ustida ishlamayotganini da'vo qiladi.

2018-yilda AQSh bu bitimni bekor qilib, Eronga yangi sanksiyalar qo'ydi. Hozirda esa Oq uy olti yil oldindi kelishuvga qaytishni taklif qilmoqda.

Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlikka ko'ra esa Eron uranni boyitish ishlarini kengaytirib, yashirin faoliyatni to'xtatmagan. Islomiy respublikada yadroviy qurollanish harakati jonlangan, degan xavotir hukmron.

Isroil Bosh vaziri Naftali Bennett deydiki, Eron eskicha siyosatdan qaytmagan. Xalqaro hamjamiyatni aldash, atom dasturidan muzokarada kuch sifatida foydalanish, deya tanqid qilmoqda Bennett.

“Eron o'z atom dasturi haqida bizga bir narsa deb, amalda boshqa bir ish qilayotganini qabul qilmaymiz", - deydi AQSh bosh diplomati Blinken.

Eron Tashqi ishlar vaziri muovini Ali Bageriy Kani deydiki, uning davlati hech qanday muzokaradan qochmaydi va yadroviy maqsadlarini yashirmaydi.

Britaniya, Fransiya va Germaniya - 2015-yildagi kelishuvda muhim rol o'ynagan tomonlar. Ular Eronning hozirgi xatti-harakatlaridan tashvishda.

Vashington vaqtni boy bermoqchi emas va Eron bilan iloji boricha tezroq muloqotga kirishmoqchi.

Tehron esa Amerika sanksiyalari bekor qilinishi kerak, deb eslatib turibdi. Eron hukumatini terrorizmda, shuningdek, inson huquqlarini sistematik tarzda poymol etganlikda ayblangan tuzum Amerikani gegemon davlat deb biladi.

Ekspert Jeyson Brodski nazarida tomonlar yuzma-yuz samarali gaplasha olishi uchun hali ko'p qadamlar tashlanishi zarur.

"Hozir asosan talablar haqida eshitayapmiz, manfaatlar-chi'? - deya so'raydi Brodski.

Eron-Amerika targ'ibot kengashidan Rayan Kostello fikricha, muzokara Bayden ma'muriyati istaganidek yaqin orada boshlanmaydi. Olti yil oldingi dunyo emas hozir, deydi u, masala va muddaolar yanada murakkablashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG