AQSh Prezidenti Jo Bayden Xitoy yetakchisi Si Zinpin bilan virtual uchrashuv o’tkazdi. Oq uyning xabar berishicha, yig’inda inson huquqlari, iqtisodiy raqobat va Tayvan kabi masalalar bo'yicha "to'g'ridan-to'g'ri va ochiq gapirish imkoniyati" paydo bo’lgan.
“Prezident Bayden Qoʻshma Shtatlar oʻz manfaatlari va qadriyatlarini himoya qilishda davom etishini hamda ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan birgalikda 21-asrda erkin, ochiq va adolatli xalqaro tizimni rivojlantirish uchun yoʻl harakati qoidalarini taʼminlashini taʼkidladi", deyiladi Oq uy seshanba tongida e’lon qilgan bayonotda.
Virtual sammit uch soatdan ziyod davom etgan. Bayden Tayvan himoyasi yuzasidan avval qilgan keskin bayonotlarini biroz yumshatgandek ko’rindi.
Oq uy bayonotida aytilishicha, Qo'shma Shtatlar "Yagona Xitoy" siyosatini qo'llab-quvvatlaydi, Tayvan mustaqilligiga qarshi va "status-kvoni o'zgartirish yoki Tayvan bo'g'ozi bo'ylab tinchlik va barqarorlikka putur yetkazish bo'yicha bir tomonlama harakatlarga qat'iy qarshi".
Ushbu kafolatlar Pekinni tinchlantirishi mumkin, chunki Xitoy tashqi ishlar vaziri muzokaralar arafasida Qo'shma Shtatlar "Tayvan mustaqilligi" kuchlariga noto'g'ri signallar yuborishni to'xtatishi kerakligini aytgan edi.
Oq uydagi yuqori martabali mulozimning aytishicha, ikki rahbar kutilganidan ko’ra ko'proq gaplashgan. Ikki sessiyadan iborat sammit uch yarim soat davom etgan.
Muzokaralar ikki qudratli davlat oʻrtasidagi keskinlikni pasaytirdimi, degan savolga maʼmuriyat rasmiysi uchrashuvdan maqsad bu emasligini va ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarga faqat past-balanddan iborat narsa deb qaramaslik kerakligini aytdi.
"Oddiy, to'g'ridan-to'g'ri raqobat"
Bayden uchrashuvni do'stona tabrik bilan boshladi va tezda ikki xalqni ajratib turadigan muammolar haqida ehtiyotkorlik bilan fikr yuritishga o'tdi.
"Menimcha, Xitoy va Qo'shma Shtatlar rahbarlari sifatida bizning mas'uliyatimiz mamlakatlarimiz o'rtasidagi raqobat mojaroga aylanib ketmasligini ta'minlashdir, - dedi Bayden. - Oddiy, to'g'ridan-to'g'ri raqobat bo’lsin".
Xitoy Prezidenti Si Zinpin ikki buyuk davlat o'rtasida ko'plab muammolar borligini tan olib, kutilganidek, Pekin Amerika va xalqaro hamjamiyatning bosimlariga qarshi Xitoy suverenitetini himoya qilishini bildirdi.
“Biz har birimiz o‘z ichki ishlarimizni yaxshi yuritishimiz va shu bilan birga, xalqaro mas’uliyatdagi ulushimizni o‘z zimmamizga olib, dunyo tinchligi va taraqqiyotining ezgu maqsadi yo‘lida birgalikda harakat qilishimiz kerak, - dedi Si. - Bu ikki davlatimiz va butun dunyo xalqlarining umumiy istagi”.
Baydenning ta'kidlashicha, mamlakatlar mojarolarga yo'l qo'ymaslik uchun "chegaralar" o'rnatishi va iqlim o'zgarishi kabi masalalarda imkon qadar birga ishlashlari kerak. Yetakchilar muhokama qilgan boshqa masalalar qatorida, dedi Oq uy, shuningdek, mintaqaviy muammolar, jumladan, Shimoliy Koreya, Afg‘oniston va Eron mavzusi ham bor.
Eron bilan boʻlajak yadrosizlanish boʻyicha muzokaralar haqida maʼmuriyatdagi yuqori martabali mulozimning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, tomonlar bu masalada oʻz umidlari haqida fikr almashgan va oy oxirida boshlanishi kutilayotgan muzokaralar samarali boʻlishini taʼminlash yoʻllarini izlashga kelishib olgan.
Pekin dunyo bo'ylab o'zining harbiy va iqtisodiy qudratini oshirib borayotgan bir paytda Qo'shma Shtatlar Xitoyni o'zining strategik raqobatchisi sifatida ko'radi. Har ikki davlat o’rtasida o'zgaruvchan va keskinlashuvga moyil murakkab diplomatik, huquqiy, texnologik va iqtisodiy nizolar mavjud. Intellektual mulk va tariflar, shuningdek, qurolli mojaroga aylanib ketishi mumkin bo'lgan mintaqaviy ixtiloflar, jumladan, Tayvan bo'g'ozi, Janubiy Xitoy va Sharqiy Xitoy dengizlaridagi ziddiyatlar shular jumlasidan.
Bayden ma’muriyati rasmiylari uchrashuvdan biror aniq natija yoki kelishuv kutmaslik haqida oldindan ogohlantirgan edi.
Aniq natijaning bo’lmasligi har doim ham yomon narsa emas, deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining iqtisodiy masalalar bo'yicha katta vitse-prezidenti Metyu Gudman.
Ayni paytda u AQSh-Xitoy munosabatlari tarixiy eng past darajada ekanligini aytadi.
"Bu muhim lahza, menimcha, undan ko'p narsa chiqmasa ham, - dedi u uchrashuv haqida. - Ikki rahbarning gaplashishi muhim."
Oq uyning ta'kidlashicha, Bayden uchrashuvda Shinjon, Tibet, Gonkong va kengroq miqyosda inson huquqlari bilan bog'liq xavotirli masalalarni ko'targan. U, shuningdek, Xitoyni adolatsiz savdo va iqtisodiy amaliyotlarni to’xtatishga undagan.
Ko'pchilik kuzatuvchilar uchrashuv ikki davlat munosabatlarida biror mazmunli o'zgarish yasashiga umidsizlik bilan qaramoqda.
"Bu Sannilends sammiti emas, - dedi Gudzon institutining Osiyo-Tinch okeani xavfsizlik bo'limi boshlig'i Patrik Kronin 2013-yilda o'sha paytdagi prezident Barak Obama va Si Zinpin o'rtasida Kaliforniyadagi dam olish maskanida bo’lib o’tgan uchrashuvga ishora qilib.
O’sha uchrashuv ortidan ikki tomonlama munosabatlar ancha barqarorlashib, Shimoliy Koreya bilan yadro diplomatiyasiga yo‘l ochilgan edi.
Ikkala tomon ham mojarodan qochishni istasa-da, hech biri o’zining asosiy qadriyatlari va manfaatlari deb hisoblagan masalalarda ortga chekinishni istamaydi va bu manfaatlarning aksariyati bir-biriga mos emas.
“Har ikki yetakchi ham oʻz manfaatlarini, maqsadlarini, strategiyasini tubdan qayta koʻrib chiqqani haqida hech qanday dalil yoʻq, - dedi Vilson markazining Xitoy va Qoʻshma Shtatlar boʻyicha Kissinjer instituti direktori Robert Deyli. - Shunday qilib, liderlar bir-birlarining minimal maqsadlariga javob beradigan qandaydir formulani qidirmoqda. Bu ularga raqobatni to'qnashuvga aylantirmasdan, uni boshqarishga harakat qilish imkonini beradi."
Ostindagi Texas universiteti tarixchisi Jeremi Suri virtual uchrashuvning o'ziga xos formatda o’tishi ijobiy natija berishi mumkinligini aytadi.
"Bu kelajak to'lqini bo'lishi mumkin. Bu yerda bir tomon ikkinchi tomonga "men sizning uyingizga boraman", deb past ketishi shart emas. Buning o'rniga ular ikkalasi ham o'z uyida. Shunday ekan, menimcha, bu aslida juda yaxshi birinchi qadam bo‘ldi. Bunda ikkala rahbar ham nazorat o‘z qo‘lida ekanini his qilishi mumkin”, - deydi Suri.
Vashington va Pekin uchrashuv oldidan kichik ijobiy qadam tashladi. Shu oy boshida Shotlandiyaning Glazgo shahrida boʻlib oʻtgan “COP26” iqlim sammitida dunyoning eng katta issiqxona gazlarini chiqaruvchi ikki mamlakati kutilmaganda emissiyalarni kamaytirish va iqlim inqirozini hal qilish uchun muntazam ravishda birgalikda ishlashlarini eʼlon qildi.
Facebook Forum