Ruhoniy: Xalqaro hamjamiyat bilan teng huquqli muloqotga tayyormiz

  • Amerika Ovozi

Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning ilk matbuot anjumani, Tehron, 6-avgusr, 2013-yil

Eronning yangi prezidenti Hasan Ruhoniy Tehronda ilk matbuot anjumanini o’tkazdi. Eron xalqaro hamjamiyat bilan yadro dasturi bo’yicha jiddiy muloqotga tayyor, dedi u.

"Eron xalqi butun dunyo bilan hurmat asosida muloqot qilishni istaydi".

AQSh, Yevropadagi ayrim mamlakatlar va Isroil Eronni yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblab keladi. Tehron ayblovlarni inkor etib, dastur tinch maqsadlarga qaratilganini aytadi.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, agar Eron dasturning yadro quroliga aloqasi yo’qligini isbotlab berolsa, sanksiyalardan qutulib, xalqaro hamjamiyatning to’laqonli a’zosiga aylanishi mumkin.

Ruhoniyga ko’ra, agar Qo’shma Shtatlar niyati samimiyligini namoyish etsa, o’zaro hurmat ko’rsatsa, boshqa maqsadi yo’qligiga ishontira olsa, muloqot uchun yo’l ochiladi.

Ruhoniy iyun oyidagi saylovlarda g’alaba qozonib, ikki muddat prezident bo’lgan Mahmud Ahmadinejod o’rniga keldi.

Matbuot anjumanida u saylov kampaniyasi paytida bergan va’dalarini bajarishga yana bir bor so’z berdi. Jumladan, iqtisodiyotni yaxshilashga, hukumatni mas’uliyatli qilishga.

Ruhoniy BMTdagi sobiq elchi Javad Zarifni tashqi ishlar vaziri lavozimiga, sobiq sanoat va tog’-konchilik vaziri Eshoq Jahongiriyni esa birinchi vitse-prezidentlikka ko’rsatdi.

Jahongiriy Ruhoniyni saylovlarda qo’llab-quvvatlagan islohotchi sobiq prezident Muhammad Xotamiyning yaqin maslakdoshlaridan.

Eronda prezident hukumatni boshqaradi xolos. Davlat tepasida oliy diniy rahnamo turadi. Yirik siyosiy qarorlar uning tasdig’idan o’tishi lozim.