Breaking News

Hasan Ruhoniy Eron prezidenti sifatida ishga kirishdi


Eron saylovlarida g’alaba qilgan Hasan Ruhoniy mamlakatning yettinchi prezidenti sifatida ishga kirishdi. U ertaga parlament oldida qasamyod keltiradi.

Inauguratsiya oldidan bugun Tehronda oliy rahbar Oyatulla Ali Xomenei ishtirokida bo’lajak prezidentga vakolatlarini topshirish marosimi bo’lib o’tdi. Rasmiy tadbirdan olingan tasvirlar Eron bo’ylab, shuningdek, xorijda namoyish etildi.

64 yoshli Hasan Ruhoniy mo’tadil qarashdagi siyosatchi sifatida tanilgan. Asli kasbi advokat, diniy ta’limotga ham ega. Eron hukumatida o’nlab yildan buyon yuqori lavozimlarda ishlab keladi.

Prezident sifatida ilk murojaatida u G’arb Eronga qo’ygan sanksiyalarni olib tashlashga astoydil harakat qilishini ta’kidladi. Bu sanksiyalardan maqsad Eronni yakkalash va beqarorlik urug’ini sochish, deydi u.

BMT Xavfsizlik Kengashi Eronni yadro dasturidan voz kechishga undab, jazo choralarini qo’llab keladi. AQSh va Yevropa Ittifoqi esa qo’shimcha sanksiyalar joriy etgan.

Hasan Ruhoniyga ko’ra, Eronning “dushmanlari” hukumat va xalq o’rtasiga nifoq solishga urinayotgani ayon, biroq fuqarolarning saylovda faol ishtiroki bu rejani yo’qqa chiqargan.

Ruhoniy hali ishga kirishmasidanoq uning Isroilga qarata aytgan gaplari tanqidga uchrayapti. Mahalliy matbuotning yoritishicha, yangi prezident chiqishlaridan birida Isroilni “musulmonlar tanasidagi jarohat” deb ta’riflagan.

Oradan sal o’tib, Eron davlat televideniyesi Ruhoniyning so’zlari noto’g’ri talqin etilgani haqida xabar tarqatib, uning Isroil-Falastin ixtilofiga ishora qilgan videosini namoyish etdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG