Tramp Eron yadro bitimini tasdiqladi, yangi sanksiyalar qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp Eron bilan 2015-yilda imzolangan xalqaro bitimni tasdiqladi. Agar unga o'zgartirishlar kiritilmasa, deydi Tramp, kelajakda undan chiqib, sanksiyalar tiklanishi mumkin.

Uch yil ilgari Tehron yirik davlatlar bilan kelishgan holda yadroviy programmasini cheklab, buning evaziga bir qancha xalqaro sanksiyalardan qutulgan edi.

Tramp kelasi to'rt oyda kelishuvga o'zgartirishlar kiritishni, xususan, Eronni uran boyitish huquqidan ayirishni talab qilmoqda. Hozirgi cheklovlar 2025-yilda bekor qilinishi belgilangan.

Tramp saylov kampaniyasi davomida va Oq uyga kelganidan so'ng bitimdan chiqishini aytgan edi. Eronga ishonch yo'q, deydi u. Yevropadagi ittifoqchilar esa hujjat xalqaro tinchlik uchun muhim ekanini ta'kidlaydi.

Bugun Prezident Tramp, shuningdek, Erondagi 14 rasmiy va tashkilotlarga yangi sanksiyalar qo'ydi. AQSh ularni inson huquqlarini poymol qilganlik, yaqinda o'tgan namoyishlarni bostirganlik va ballistik raketa dasturiga aloqadorlikda ayblaydi. Sanksiyaga uchraganlar orasida adliya tizimi rahbari Sodiq Larijoniy ham bor.

Vashingtonning ittifoqchilari Trampni 2015-yilgi bitimdan chiqmaslikni so'ramoqda.

"Hujjat bizga Eronning yadro programmasini tekshirib turish imkonini bergan", - deydi Federika Mogerini, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo'yicha rasmiysi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson fikricha, Eronning Yaqin Sharqdagi xatti-harakatlari yadrodan ayri masala. BMT atom boshqarmasi ham respublika bitimga rioya qilayotgani haqida xulosa qilgan. Yevropa Ittifoqi qatorida Rossiya va Xitoy ham uni qo'llab-quvvatlaydi.

"Ittifoqchilar bitim ko'p tomonlama ekaniga urg'u berishyapti, lekin uning kelajagi ko'p jihatdan AQShga bog'liq", - deydi tahlilchi Polina Izevich.