Eron va Turkiya Yaqin Sharqda liderlik uchun bellashmoqda

  • Amerika Ovozi

Kuzatuvchilar nazarida Turkiya va Eron o'zlarini Falastin himoyachilari qilib ko'rsatishga intilmoqda.

Ikki davlat mintaqada nufuzini oshirishga intilar ekan, tahlilchilar nazarida Turkiyaning tashabbuskorligi Eron g'ashiga tegmoqda.

Eron Yaqin Sharqda falastinliklarning mustaqil davlat qurish maqsadi va intilishlarini qattiq qo'llab-quvvatlab kelgan davlat hisoblanadi. Ammo so'nggi paytda Turkiya tashabbusni qo'lga olgan. Ayniqsa o'tgan hafta G'azo yaqinida Isroil uning kemasini musodara etib, fuqarolarini o'ldirgach. Tahlilchilar nazarida Turkiya mintaqaviy liderlik uchun Eron bilan raqobatga kirishgan.

Isroil hujumi Turkiya rahbariyati tomonidan keskin qoralandi, ammo yahudiy davlatini tez-tez tanqid qiluvchi Eron voqealarga munosabat bildirishga shoshilmadi. Razvedka ma'lumotlarini to'plab, tahlil qiluvchi Stratfor firmasi eksperti Reva Bxallaning aytishicha, Eron Turkiyaning xalqaro miqyosda oshib borayotgan nufuzidan norozi.

"Eronga Turkiyaning tashabbuskor siyosati yoqmayapti. So'nggi yillarda rasmiy Tehron aksariyat arab davlatlarini ojiz va ikkiyuzlamachi qilib ko'rsatib, Falastinning haqiqiy himoyachisi sifatida namoyon bo'lishga harakat qilayotgan edi", - deydi Bxalla.

AQSh davlat kotibining siyosiy masalalar bo'yicha sobiq o'rinbosari Nikolas Byornsning Amerika Ovoziga aytishicha, Eron Falastin masalasida amaliy ishdan ko'ra quruq gapni ko'p qiladi.

"Eron o'zi ikkiyuzlamachilik qilmoqda. Falastinliklarga bir chaqali yordami tegmagan. Arab dunyosida nufuzini oshirish uchun og'zaki ko'p bong urgan xolos", - deydi sobiq diplomat.

Eron Islom Respublikasi va dunyoviy tuzum tarafdori Turkiyaning Isroil bilan munosabatlari tarixi turlichadir. Turkiya Isroilni tan olgan ilk musulmon davlati bo'lgan, yahudiy davlati esa uni qurol bilan ta'minlab turgan. Biroq 2009 yilda Isroilning G'azodagi urushi Turkiya bilan aloqalarini bir oz sovuqlashtirdi. Rasmiy Anqara uning falastinliklarga qarshi qonli harakatlarini qoraladi. O'tgan haftadagi voqea esa munosabatlarni yanada taranglashtirdi.

Tahlilchi Reva Bxallaning aytishicha, Isroil G'azo qamalini ushlab turishga harakat qilmoqda.

"Bo'sh kelsa, mintaqada kuchlar muvozanati o'zgarishi mumkin. Ammo boshqa tomondan, Isroil ushbu masalada qancha ko'p o'jarlik qilsa, AQSh bilan aloqalari ham sovuqlashish ehtimoli bor", - deydi mutaxassis.

Saddam Husayn davrida Iroq Eronning mintaqadagi ambitsiyalarni jilovlab turar edi. Ammo 2003 yilda AQSh Iroqni bosib olgach, mamlakat hokimiyat uchun ichki kurash natijasida o'zi bilan o'zi ovora. Nikolas Byorns nazarida Eronning qarovsiz qolgani arab davlatlarini xavotirga solmoqda.

"Ular Eronning oshib borayotgan harbiy qudratidan hayiqmoqda. Uni tahdid deb bilib, usiz ham beqaror mintaqa uchun xavf ekanini anglamoqda. Arablar va Eron o'rtasida ishonch kam. Rasmiy Tehron ularni ayblab, o'zini Falastin himoyachisi sifatida ko'rsatishda davom etar ekan, vaziyat hali-beri o'zgarmaydi", - deydi Davlat departamentining sobiq rasmiysi.

Tahlilchilar fikricha, G'azo hodisasi BMT Xavfsizlik Kengashi diqqatini Eron yadro dasturidan chalg'itib, AQShning unga qarshi yangi sanksiya qo'yish harakatlariga pand berishi mumkin. Turkiya hozir kengash a'zosi. Sanksiyalarga ilgari ham qarshi bo'lgan.

AQSh davlat kotibining Yaqin Sharq masalalari bo'yicha sobiq yordamchisi Richard Myorfining aytishicha, Turkiya kengashda Isroil foydasiga ko'riluvchi har bir qarorga qarshi chiqishi muqarrar.

"Turkiyaning avzoyi buzuq. Eronga nisbatan sanskiyalarni yanada qattiq tanqid qiladi endi. Oldin ham ularni qo'llab-quvvatlamagan, hozir qarshiligi yanada kuchayadi", - deydi diplomat.

Turkiya va Braziliya yaqinda Eron bilan kam boyitilgan uran evaziga Tehronni yuqori boyitilgan yonilg'i bilan ta'minlashga kelishib olgan edi. Ammo Qo'shma Shtatlar bitim Eron yadro dasturi masalasini hal qilmaydi, deya qo'shimcha sanksiyalarni joriy etish harakatlariga zo'r bermoqda.