AQSh: Eron saylovlarida xalq xohishi inobatga olinmayapti

  • Amerika Ovozi
AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Eron prezident saylovlarida nomzodlarni saralash jarayoni shundan dalolatki, diniy ulamolar faqatgina o’z hokimiyatini mustamlash payida. Rahbarni xalq tanlashiga imkon berish haqida gap ketayotgani yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh: Eron saylovlarida xalq xohishi inobatga olinmayapti/Shohruh Hamro


“Xalq saylamagan va u bilan hisoblashmaydigan bir organ - Vasiylar Kengashi yuzlab mo’tadil nomzodlarni ro’yxatdan chiqarib tashlaganini ko’rib, yoqa ushlaysan kishi”, - deydi AQSh bosh diplomati.

Nima sababdan va qanday mezonlar asosida qarorlar qabul qilinayotganini tushuntirishga ular jazm qilmaydi, deydi Jon Kerri.

Diniy peshvolar o’tgan hafta sobiq prezident Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy nomzodini rad etgan. Prezident Mahmud Ahmadinejodning yaqin maslahatchisi ham saylovda qatnashish huquqiga ega emas.

Vasiylar Kengashi, deydi AQSh rasmiysi, amaldagi rejim manfaatlariga mos keladigan odamlarni saralab olayotgani yaqqol ko’rinib turibdi.

“Yaqinlashayotgan saylovlarni xalqaro standartlar asosida erkin, adolatli va oshkora deb baholash qiyin. Jarayon shaffof emas, shu bois Eronda xalq xohish-irodasini aks ettiruvchi o’zgarishlar bo’lishiga ishonch juda past”, - deydi AQSh davlat kotibi.

Jons Xopkins universiteti dekani Vali Nasr fikricha, Akbar Hoshimiy Rafsanjoniyni poygaga yaqinlashtirmaslik qarori eng yuqori doirada qabul qilingan.
“Eron oliy rahnamosini Rafsanjoniy g’alaba qilishi mumkinligi cho’chitgan bo’lishi mumkin. Uning yoshini bahona qilib, poygadan chiqarishdi. Lekin bo’lajak hukumatda islohotchi arboblar kerakligini ham u yaxshi tushunadi. Aksa holda, odamlarni ovoz berishga ko’ndirish qiyin”, - deydi Nasr.

Olim nazarida, diniy ulamolar ikki maqsadni ko’zlayotgan bo’lishi mumkin.

“Birinchidan, Eronga nisbatan bosimni pasaytirish uchun prezidentlikka xalqaro hamjamiyat bilan kelisha oladigan arbob kelishi kerak. Ikkinchidan, bo’lajak prezident oliy rahnamoga so’zsiz bo’ysunishi kerak. Rafsanjoniy uni nazorat qilishga yo’l qo’ymagan bo’lardi, shuning uchun uni ro’yxatdan chiqarishdi”.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Eronda saylov yaqinlashgan sari hukumat internetni to’sishga harakat qilayotganini qayd etadi. Maqsad, deydi u, odamlarni ma’lumot va fikr almashish imkoniyatidan ayirish.

“Natijada Eron xalqi nafaqat o’zi istagan rahbarni tanlashdan mahrum, balki demokratik ravishda saylovda qatnasha olmaydi ham”, - deydi Kerri.

Islomiy respublikaning yadroviy dasturi haqida gap ketganda, G’arbdan Tehronga maslahat shuki, bu dastur haqiqatdan ham tinch maqsadlarni ko’zlasa, buni isbotlovchi dalillarni ko’rsating, jiddiy taklif bilan muzokaraga qayting.