G’arb Eron yadro dasturidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

AQSh va Yevropa davlatlari Eronda oz miqdordagi uranning salkam 84 foizgacha boyitilishidan xavotirda ekan, BMTning Atom energiyasi bo’yicha xalqaro idorasi Venadagi bir haftalik majlisi davomida Erondan tushuntirish olishga umid qilmoqda. Yadro qurolini ishlab chiqarish uchun uran 90 foizgacha boyitilgan bo’lishi kerak.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-mart, 2023-yil

Tehron yuqori boyitilgan uran zarralarining topilganini taftish qilish maqsadida agentlik bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

“Eron prezidenti bilan bu narsalar haqida ilk bor jiddiy muloqot qildim. Buning ahamiyati juda katta. Va’dalar olmadik, ammo konkret kelishuvlarga erishdik”, - dedi xalqaro yadro agentligining o’tgan hafta Tehronga safar qilgan rahbari Rafael Grossi.

Unga ko’ra, Eron asosiy yadro inshootlarida nazorat uskunalarini qayta o’rnatishga rozilik bergan. Apparatlar ilk bor 2015-yilda Tehron va oltita yirik davlat o’rtasida imzolangan yadroviy bitim doirasida o’rnatilgan edi.

AQSh 2018-yilda bitimdan chiqishi ketidan Eron ularni o’tgan yili olib tashladi.

G’arb davlatlari Eron atom bombasini yaratishga ancha yaqinlashganini xavotir bilan tilga olmoqda. Tehron uning yadro dasturi tinch maqsadlar uchun ekanini ta’kidlab keladi.

Deyarli 84 foizga boyitilgan uran zarralari o’tgan oy Eronning Fordodagi atom zavodida topildi. Tehronga ko’ra, zarralar o’ta kichik, hatto mikroskop ostida ko’rib bo’lmaydi.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlikning bildirishicha, tashkilotning so’nggi chorak yig’ilishidan beri Eronning 60 foizgacha boyitilgan uran zaxirasi salkam ikki karra ko’paydi.

“Sanksiyalarni darhol to’liq tiklash zarur. Ayniqsa BMT Xavfsizlik Kengashida 2006-yildan 2010-yilgacha qabul qilinganlarini. Ular islomiy respublika uchun doimiy qurol embargosini, raketa sinovlarini man qilishni, boshqa mamlakatlar orqali Eronga qurol va harbiy texnika o’tkazishni taqiqlashni o’z ichiga olgan edi”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Benham Ben Taleblu.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi Eron boyitilgan urandan qurol ishlab chiqarishga qaror qilganiga dalil yo’qligini o’tgan oy bildirgan bo’lsa-da, islomiy respublikaning yadro dasturi xavotirli sur’atda rivojlanayotganiga ishora qildi.

Isroil Eronga yadro qurolini yaratishga imkon bermasligini ta’kidlab keladi.

"Bizni ochiqchasiga yo’q qilishga chaqirayotgan Eronga buning uchun qurol tashkil etishiga ruxsat berish mumkinmi? Bizga o’zimizni himoya qilish taqiqlanganmi? Yo’q, bunga bizda ruxsat bor albatta. Va biz shu bilan shug’ullanyapmiz”, - dedi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu.

2015-yil bitimini tiklashga qaratilgan AQSh va Eron o’rtasidagi bilvosita muzokaralar o’tgan yil sentabrida to’xtab qolgan.

O’shandan beri AQSh va Yevropa hukumatga qarshi namoyishlarni bostirgani va Rossiyani harbiy dronlar bilan ta’minlagani uchun Tehronga sanksiyalar qo’ydi.