Iroqdan boshpana olgan eronlik muxolifatchilar zulmdan nolimoqda

  • Amerika Ovozi

Ashraf lageri Iroq harbiylari hujumidan so'ng

Xalq mujohidlari harakati Davlat departamentidan tashkilot nomini terrorchi guruhlar ro'yatidan olib tashlashni talab qilmoqda.

Iroqda marhum diktator Saddam Husayn davridan beri mamlakatda jon saqlayotgan eronlik muxolifatchilar yangi hukumatga manzur bo'lmayotgan ko'rinadi. Eron bilan munosabatlarni yaxshilayotgan Iroqdagi shia hukumat, ayrim xabarlarga ko'ra, o'tgan oy boshida Xalq mujohidlari guruhi vakillari yashayotgan "Ashraf" lageriga hujum qilib, 34 kishini o'ldirgan edi. Lagerda uch yarim mingga yaqin eronlik bor.

"Ashraf" lageri Iroq poytaxti Bag'doddan shimoli-sharqda joylashgan. 1980-yillardagi Eron-Iroq urushi davrida Saddam Husayn ko'plab eronliklarga boshpana bergan edi.

Iroq askarlari reydidan so'ng jurnalistlar kelib, hududni ko'zdan kechirdi. Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Muhammad al-Askariy harbiylar hujum qilmagan, deydi.

"Qochqinlar ularga do'q-po'pisa qilib, haqoratlagan", - deydi al-Askariy.

Aslida nima bo'lgani qorong'u. Xalq muhojidlari guruhi bo'lgan voqeani videoga olib, lagerda qatliom bo'lgan deydi. Ammo internetga qo'yilgan videodan aynan shunday bo'lganini bilish qiyin. Yaqinda Vashingtonda bu borada matbuot anjumani o'tkazildi. Unda sobiq gubernator, Demokratik partiyadan oldingi saylovlarda prezidentlikka nomzodini qo'ygan Xovard Din ham qatnashdi.

"Qatliom ro'y berdi. Askarlarimiz esa bir necha kilometr narida turib, aralashmagani, bu jinoyatni to'xtatmagani uyat. AQSh prezidentidan bunga chek qo'yishni so'rayman", - deydi Xovard Din.

Xalq mujohidlari guruhi 2003-yilda AQSh Iroqni istilo qilganidan so'ng qurolini tashlab, AQSh himoyasiga o'tgan edi. Biroq 2009-yilga borib "Ashraf" lagerini Iroq hukumati qabul qiladi. Bundan tashvishlangan guruh a'zolari Yevropada namoyishlar o'tkazdi.

Xalq mujohidlari guruhiga 1960-yillarda talabalar asos solib, ular Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviyga qarshi kurashadi. Guruhga marksitslar, so'l g'oyalar tarafdorlari, dindorlar kiradi.

1979-yil islomiy inqilob natijasida diniy tuzum barpo etilib, mujohidlar yangi hokimiyat bilan qisqa vaqt hamkorlik qiladi.

AQSh Davlat departamenti mujohidlarni inqilobdan oldin Eronda bir necha amerikalikning o'limiga, so'ng inqilob kunlari AQSh elchixonasini bosib olib, diplomatlarni bir necha oy garovda saqlaganlikka aloqador deb hisoblaydi. Shu bois Xalq mujohidlari guruhi 1990-yillardan beri Davlat departamentining terrorchi tashkilotlar ro'yxatida.

Guruhning hozirgi maqsadi Eronda islomiy tuzumni ag'darib, dunyoviy va demokratik hukumat o'rnatish. Ular o'zlarini ozodlik jangchilari deb ataydi.

Biroq guruhning sobiq a'zolari Masud va Anna Xudobandaning aytishicha, mujohidlar demokratik jamiyat qurishdan ancha yiroq.

"Ular tafakkurimizni nazorat qilardilar. Bu borada ustasi farang edilar. Keyin sezib qoldik", - deydi Anna.

Masud va Anna guruhning Angliyadagi bo'limida ishlar edi.

Tashkilot tarixiga qaramay Amerikadagi siyosiy doiralarda uning muxlislari bor. Masalan, sobiq prezident Jorj Bush ma'muriyatida ishlagan matbuot kotibi Dana Perino va adliya vaziri Maykl Myukesi.

"Mujohidlar Eron tomog'iga tiqilgan suyakdek. Rejim tagini o't oldirish kuchiga ega", - deydi Myukesi.

Yaqin Sharq bo'yicha tahlilchi Patrik Klosonning aytishicha, mujohidlar Vashingtondagi ba'zi arboblar diqqatini o'ziga qarata olgan.

"Ular o'zini Eron demokratik harakati deya tantishtirmoqda. AQSh va dunyo bo'ylab ko'p odamlar ularga xayrixoh", - deydi mutaxassis.

Xalq mujohidlari harakati a'zolari va tarafdorlari yaqinda namoyish qilib, Davlat departamentidan tashkilot nomini terrorchi guruhlar ro'yatidan olib tashlashni talab qildi.

Mujohidlar tarafdorlari vakili Shirin Narimonning aytishicha, AQSh qonunchilari Davlat departamenti va Davlat kotibi Xillari Klintondan bu haqda bir necha bor so'rashgan.

Klinton yakuniy qaror tez orada qabul qilinadi, degan.

Guruh zo'ravonlikdan 10 yil burun voz kechib, uni qoralagan. Terror harakatlari bilan ortiq shug'ullanmasada, Erondagi vatandoshlari nazaridan chetda qolgan.

Jurnalist Garet Porterning aytishicha, ular Eron-Iroq urushidan beri Iroqda yashagani uchun, Saddam Husayn malaylari deb ko'rilgan.

Bugunga kelib yangi Iroq hukumati ham ulardan bezigan ko'rinadi.