Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy Ramadi shahri yaqin kunlarda "Islomiy davlat"dan tortib olinadi, deya va'da qilmoqda. Abadiy BBC axborot agentligiga bergan intervyusida bunga qodirmiz, salohiyatimiz yetarli, degan.
"Islomiy davlat" so'nggi jangda g'alaba qozondi, ammo bu ularning qo'li baland kelmoqda degani emas", - deydi Abadiy.
Ramadi Bag'doddan 120 kilometr narida bo'lib, jangarilarning yutuqlari poytaxt aholisini vahimaga solmoqda. O'n minglab odam Ramadidan Bag'dod tomon qochmoqda, biroq hukumat qochqinlar sonini cheklamoqchi, chunki ular orasida Bag'dodga jangarilar ham yashirinib kirishi mumkin degan xavotir bor. "Islomiy davlat" Ramadiga aynan shunday uslubda kirgan.
AQSh rasmiylari Iroq kuchlarining mudofaa qilish salohiyatini shubha ostiga qo'ymoqda. Bag'dod esa o'z navbatida AQSh havo zarbalaridan foyda bo'lmayotganini aytib, Prezident Barak Obamaning "Islomiy davlat"ni yengishga qaratilgan stategiyasini tanqid qilmoqda.
"Iroq kuchlarining irodasizligini ko'ryapmiz. Ular son jihatdan axir ustun edi", - deydi AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter.
"Iroq xavfsizlik kuchlari qator ichki muammolarga yuz tutmoqda. Qo'shma Shtatlar ularning zaif tomonlarini bartaraf etishda yordamlashmoqda", - deydi AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Syuzan Rays.
Iroq parlamentining Mudofaa va xavfsizlik qo'mitasi raisi Hakim Zamiliy Karterning izohlarini tanqid qildi. Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Iroqni yaxshi harbiy jihoz, qurol, havodan yordam bilan ta'minlay olmadi, endi esa aybini Iroqqa to'nkamoqda.
"Islomiy davlat" hozir Ramadi mudofaasini kuchaytirmoqda. AQSh harbiy samolyotlari tunda jangarilar qo'lidagi Mosul, Bag'dodi shaharlari va Suriyadagi manzillarni nishonga olgan.