Iroq harbiylarining aytishicha, armiya "Islomiy davlat" to'dasini Ramadi shahridan haydab solishi ketidan sunniy qabilalar xavfsizlikni ta'minlashga yordam bermoqda. Shahar Bag'doddan g'arbroqda joylashgan.
Ramadining u yer, bu yerida jangarilar qolayotgani ma'lum.
Mahalliy armiya Amerika boshliq koalitsiyaning havodan yordami bilan o'tgan hafta hujumga o'tgan va dushanba kuni hududni deyarli ozod qilgan.
Bosh vazir Haydar al-Abadiy kecha, seshanba kuni shaharni ko'zdan kechirgan.
AQSh polkovniki Stiv Vorrenning hisobicha, shaharda avval mingta, hozir 150-200 nafar jangari qolmoqda. O'tgan yarim yilning o'zida Ramadi 600 dan oshiq marotaba bombardimon qilingan.
Endigi mo'ljal, deydi Bosh vazir Abadiy, Mosul. Iroqning ikkinchi eng yirik shahri 2014-yildan beri "Islomiy davlat"ning chang'alida.
Kurd jangchilari shahar shimoli va sharqidan jangarilarni quvib solgan, biroq qolgan qismi hanuz "Islomiy davlat" to'dasining nazoratida.