Iroqda zo’ravonlik so’nggi yillarda haddan ziyod kuchayib ketdi. BMTning Iroq uchun yordam missiyasi bergan ma’lumotga ko’ra, 2013-yil davomida 9000 odam halok bo’lgan. Kuzatuvchilarga ko’ra, qon to’kilishlarini to’xtatish uchun, avvalo, turli siyosiy guruhlar o’rtasidagi ziddiyatlarga barham berilishi kerak. Bu jarayonda ular Vashingtonning faol ishtirok etishini istashadi.
Asosan shialardan iborat Iroq hukumati mamlakatda tinchlik o’rnatish muammosiga yuz tutmoqda. Al-Qoidaga aloqador jangari guruhlar hukumat xavfsizlik kuchlarini Bag’dod g’arbidagi Anbar viloyatidan surib chiqardi. Boshqa viloyatlarda yuz bergan zo’ravonliklardan esa yanvar oyining o’zida kamida 1000 odam halok bo’lgan.
Vashingtondagi AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Sarhang Hamasaidning aytishicha, Bosh vazir Nuri al-Malikiy muammoda sunniy jangarilarni ayblaydi. Ammo sunniylarning hukumatga kiritilmayotgani Al-Qoida hujumlarining kuchayishiga turtki bermoqda, deydi tahlilchi.Your browser doesn’t support HTML5
“Ayrimlar mavjud zo’ravonliklar ortida asosli sabablar turibdi deb ishonadi. Shuningdek, Al-Qoida hamda uning hamkori Iroq islomiy davlati jangari guruhi odamlarning tinkasini quritmoqda”, - deydi Hamasaid.
Ko’plab mutaxassislarga ko’ra, zo’ravonlikka barham berishning eng ma’qul yo’li guruhlar orasidagi ixtilofni tugatishdir. Bunda ular AQSh yordamiga muhtoj.
“Hozir Iroqda tinchlik jarayoniga vositachilik qila oladigan kuch yo’q. Institutlar yoki davlat bunday vazifani bajara olmaydi. Prezident sog’lig’i bilan bog’liq muammolar tufayli bir yildan beri ko’rinmaydi. Parlament turli guruhlar uchun bahs maydoni vazifasini o’tay olmayapti. Nazarimda, bu vazifani bajarishga eng loyiq taraf - AQSh. Tinchlik o’rnatish faqat qurol bilan ta’minlashdan iborat emas. AQSh maslahatchi sifatida bu yerdagi do’stlariga yordam berishi mumkin”, - deydi Hamasaid.
Boshqalar esa AQSh va G’arb tinchlik muloqotida sust ishtirok etayotgani bois Iroqdagi guruhlarning yordam istab ko’proq Eronga yuzlanayotganini aytadi.
Iroqning Sulaymoniya shahridagi Amerika universiteti professori Bilol Vahob ham shunday fikrda.
“AQShning mavjudligi sezilmayapti. Uning ishtiroki juda sust. Masalan, AQSh rasmiylari yig’inlarda, ayniqsa, jamoat tadbirlarida deyarli ko’rinmaydi. Ular elchixonaga qamalib olgan. Aksincha, Eron rasmiylarini, masalan, Bosh konsulni bozorlarda, butun shahar bo’ylab ko’rasiz. Ular juda faol. Hukumat tuzish davomida guruhlar o’rtasida ziddiyat yuz bersa, siyosiy yetakchilar maslahatashish uchun darrov Tehronga otlanadi”, - deydi u.
Kelasi oy Iroqda AQSh askarlari mamlakatni tark etganidan beri ilk bor mustaqil parlament saylovi bo’lib o’tadi. Kuzatuvchilar saylovning mamlakatga yangi rahbariyat va siyosiy barqarorlik olib kelishiga umid qilmoqda. Buni esa Vashington yaqindan qo’llab-quvvatlashi kerak, deydi ular.