Bag'dodda xurujlar, Iroq tashqi ishlar vaziri Vashingtonda

  • Amerika Ovozi

Baquba, Iroq

Iroq poytaxtida bir necha portlashlar kamida 33 odamning hayotiga zomin bo’lib, yana o’nlab fuqarolar jarohatlandi.

Bag’dodning Kozimiya mahallasi eng ko’p talofat ko’rgan – o’lganlar yetti kishi. Hukumat hujumlarni al-Qoidadan ko’rmoqda.

Bu orada, Iroq Tashqi ishlar vaziri Xoshiyar Zeboriy Vashingtonda Davlat kotibi Jon Kerri bilan ko’rishgan.

Iroq va boshqa davlatlarda terrorizm ildizini quritish yo’lida Bag’dod va Oq uy bir yoqadan bosh chiqarib ishlaydi, deydi Kerri.

"Al-Qoida nafaqat Iroq, balki butun dunyo bo’ylab ildiz otgan. Ajanbiy jangarilar bugun Suriyada ham faol ekan, mintaqa mamlakatlari va dunyo hamjamiyati Suriya urushini tugatish uchun birga chora izlashi darkor", - deydi Amerika bosh diplomati.

Kecha ham Bag’dod shimolidagi Baquba shahrida ikki portlash 14 odamni hayotdan olib ketgan edi.

Bosh vazir Nuri al-Malikiy kecha qilgan chiqishida terrorizmga qarshi kurash davom etadi, degan.

Iroqda kam sonli sunniy aholi va hukmron shialar o’rtasida ziddiyat tobora avj olib, ixtilof 3 mingdan oshiq odamning boshini yedi.