Breaking News

Suriya va Iroq mojarolari o'rtasida uzviy bog'liqlik bor, deydi tahlilchilar


Bag'doding Kamoliya mavzesi xurujdan so'ng, Iroq, 20-may, 2013-yil
Bag'doding Kamoliya mavzesi xurujdan so'ng, Iroq, 20-may, 2013-yil
Ayrim kuzatuvchilar Iroqdagi zo’ravonliklar va Suriyadagi fuqarolik urushi o’rtasida bog’liqlik borligini aytmoqda. Tahlilchilarga ko’ra, Al-Qoidaga aloqador jangarilar ikki mamlakat o’rtasida qatnab, mazhablararo ziddiyatlardan mahalliy hukumatlarni yemirishda foydalanmoqda.

Iroq so’nggi besh yilda eng qonli zo’ravonliklarni boshdan kechirmoqda. Sunniy va shia musulmonlarga qarshi bomba xurujlari va boshqa hujumlar ikki mazhab vakillarini bir-biriga qarshi qayramoqda.

Qo’shni Suriyadagi fuqarolik urushi bunga sabab, deydi Yangi Amerika jamg’armasi tahlilchisi Duglas Ollivan.

"Suriya Ozod armiyasi pul va qurol bilan ta’minlanayotgan bir paytda Iroqda xurujlarning ko’payishi tasodif emas. Suriyalik isyonchilarning bir qismi Al-Qoidaga aloqador", - deydi u.

Internetda joylangan havaskor videoda Al-Nusra fronti jangarilarining Al-Qoidaga qasamyod keltirayotganini ko’rish mumkin.

Guruh Al-Qoidaning Iroqdagi qanotidan moliyaviy yordam oladi. Al-Nusra jangarilari Iroq-Suriya chegarasidan tez-tez o’tib turadi.

Vashingtondagi Amerika biznes instituti tahlilchisi Maykl Rubinning aytishicha, iroqliklar zo’ravonliklardan, bu va Al-Qoidaga aloqador boshqa jangarilarning mamlakatga qaytishidan xavotirda.

Tahlilchi Rubin Suriyani jangarilarni Iroqqa eltuvchi yer osti temir yo’li deb ataydi. 2006-2007-yillarda Iroqdagi mazhablararo zo’ravonliklarda o’n minglab odam nobud bo’lgan, biroq hozir mamlakatda mojaroga sabab bo’lgan AQSh harbiylari yo’q.

So’nggi oylarda Iroqning ozchilikdagi sunniy aholisi hukumatga qarshi namoyishlar o’tkazgan. Ayrimlar nazarida Suriyadagi isyonchilarning muvaffaqiyatlari iroqlik sunniylarga kuch bag’ishlab, shia hukumatiga nisbatan dadilroq qarshilik ko’rsatishga ruhlantirdi. Sunniylar rasmiylarni ularni kamsitayotganlikda va nohaq siyosatda ayblamoqda.

Iroqlik tahlilchi Sarmad al-Tayining aytishicha, hozirgi ahvol fuqarolik urushiga yetaklashi ham mumkin.

"Lekin shu bilan birga hukumatdagilar bu ishga jiddiy yondashib, davlatni sunniylar bilan birga boshqarish, xavfsizlikni birga ta’minlash, moliyani birga yuritish haqida o’ylashi kerak", - deydi u.

Zo’ravonliklar davom etar ekan, ayrim sunniy yetakchilar nazarida Iroq va Suriyadagi mojarolar uzviy bog’liq. Vashingtondagi Jons Xopkins nomidagi universitetda xalqaro izlanishlar fakultetining dekani Vali Nasr gapiradi.

"Suriyadagi mojaroga barham berilsa, Iroqda ham ahvol yaxshilanadi. Ammo Suriyada urush qancha uzoq davom etsa, Iroqqa ham tahdid shunchalik katta bo’ladi", - deydi u.

Biroq hozircha Suriya mojarosining keti ko’rinmaydiganga o’xshaydi. Iroq rahbarlari boshqa davlatlar mazhablararo xurujlarni avj oldirishidan xavotirda. Iroq bosh vaziri Nuri al-Malikiyning aytishicha, Suriyadan Iroqqa o’tayotgan odamlar siyosiy beqarorlikni kuchaytirmoqda.

"Natijada jamiyatda beqarorlik kuzatilmoqda. Mazhablararo ziddiyatlar bu safar chegara ortidagi kuchlar manfaatlari bilan bog’liq", - deydi u.

Malikiy xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi mutasaddilarni yangilashga buyurar ekan, vaziyat hali-beri yaxshilanmasligi aytilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG