AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Iroq va Suriyada kuchayib borayotgan terror harakatlari Amerikaning o’zida ham tahdid ehtimolining oshishiga sabab bo’lmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya Iroqqa harbiy ko’mak sifatida qiruvchi samolyotlar yetkazib berishi ortidan armiya Tikrit shahrida jangarilarga qarshi hujum boshladi.
Mazhablararo ziddiyat kuchayib borayotgan bir paytda AQSh prezidenti Barak Obama “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhi o’z safiga ko’proq odam yig’ayotganini va bu AQShga xavf tug’dirishi mumkinligini ta’kidladi.
“Ayrim joylarda ular kuchaymoqda. Jangarilarga xayrixohlik bildirib, Suriyaga otlanayotgan yevropaliklar borligini bilamiz. Ular endi Iroqqa borib, janglarda toblanishi mumkin. So’ng bu shaxslar uyiga qaytadi. Ularda Yevropa pasporti bor. AQShga kirish uchun ularga viza kerak emas”, - deydi Obama.
Respublikachi kongressmen Piter King oldindan ehtiyot choralarini ko’rish kerak degan fikrda.
“Obama bu masalada qattiq turishi kerak. Hozir Suriya biz uchun eng katta tahdid. Chunki u yerda nafaqat AQShga vizasiz kira oladigan minglab yevropaliklar yuribdi, balki kamida 100 ta amerikalik ham bor. Ular AQShga qaytishi va bu yerda Suriyada ko’rgan tayyorgarliklari asosida hujumlar tashkil etishlari mumkin”, - deydi kongressmen King.
Prezident Obamaga ko’ra, AQSh kerakli chorani ko’rishga shay.
“Uzoq yillardan beri xavflarga munosib javob qaytarish maqsadida razvedka imkoniyatlarimizni yaxshilash ustida ishlayapmiz. U yerda kuzatish, razvedka va axborot yig’ish ishlarini yaxshilashimiz kerak. Bu ishga maxsus kuchlar jalb etiladi va payti kelsa, bizga zarar yetkazishi mumkin bo’lgan tashkilotlarga hujum uyushtirishimiz ham mumkin”, - deydi Obama.
4-iyul Mustaqillik kuni tantanalari arafasida AQSh bo’ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilishi kutilmoqda.