Breaking News

Amerikalik harbiy maslahatchilar Iroqqa yetib bordi


Bag'dod, Iroq
Bag'dod, Iroq

Ular jangarilarga qarshi kurashda tavsiyalar beradi. Bu orada, jangarilar Iroqdagi yirik harbiy havo bazalariga hujum qilgan.

AQSh prezidenti Barak Obama jo’natgan 300 harbiy maslahatchilar Iroqqa yetib kelmoqda. Ular jangarilarga qarshi kurashda tavsiyalar beradi. Bu orada, jangarilar Iroqdagi yirik harbiy havo bazalariga hujum qilmoqda. Bir necha shaharda neft zavodlari hozir jangarilar nazoratida ekani aytiladi.

Pentagon matbuot kotibi, admiral Jon Kirbining aytishicha, dastlabki harbiy ekspertlar guruhi kecha ishga kirishgan.

“Bag’doddagi elchixonada xizmat qilayotgan qariyb 40 harbiyga qo’shimcha yana 90 ekspert ishni boshlab yubordi. Yaqin kunlarda yana 50 askar yetib borishi kerak. Ular Iroq xavfsizlik kuchlarining tayyorgarligi, muammolarini baholaydi”, - deydi Pentagon so’zlovchisi.

Vashingtonda esa qonunchilar sabrsiz. Respublikachi senator Jon Makkeyn fikricha, Amerika Iroqdagi jangarilarga qarshi tezkor harakat qilishi kerak.

Qo’shma Shtatlar Iroq bo’ylab harbiy havo razvedkasini amalga oshirmoqda. Iroq armiyasi sunniy jangarilar bilan olishayotgan bir paytda AQSh samolyotlari xavfsizlik bobida kerakli ma’lumot jamlayapti, deydi Pentagon rasmiylari.

Bu orada, Bosh vazir Nuri al-Malikiy favqulodda hukumat tuzish taklifini rad etdi. Bugun televideniyeda qilgan chiqishida Malikiy bu konstitutsiyaga va yaqinda o’tgan parlament saylovlariga zid, dedi. Uning nazarida chetdan yangrayotgan da’vatlar yosh demokratik davlatning yutuqlarini, saylovda berilgan ovozlarni oyog’osti qiladi.

Xalqaro hamjamiyat, xususan, Qo’shma Shtatlar shia bosh vazir Nuri al-Malikiyni sunniy va kurdlarni o’z ichiga olgan yangi hukumat tuzishga undab keladi.

Iroqda 30-aprelda parlamentga saylovlar bo’lib o’tgan edi va qonunga ko’ra, ilk sessiya 1-iyulda o’tishi kerak. Malikiyning aytishicha, parlamentning dastlabki sessiyasi 1-iyulda o’tadi va o’sha kuniyoq yangi hukumat tuzishga kirishiladi. Saylovda Malikiyning koalitsiyasi salmoqli ovoz olgan edi.

Tanqidchilar nazarida Malikiyning shia hukumati boshqa mazhablar va elatlar, xususan, sunniy va kurdlar manfaatlarini unutdi. Natijada aholi noroziligi oshib, isyonchilar bosh ko’tarishi uchun qulay muhit paydo bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG