Yaqin Sharqdagi har bir guruh raqiblarini "Islomiy davlat"ning yaralishida ayblaydi. Tahlilchilar nazarida esa bu shafqatsiz to'daning shakllanishiga turli omillar sabab. Aybni bir-biriga to'nkash bugun mazhablararo ziddiyatni oshirmoqda, bu esa "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni susaytiradi, deydi ular.
Your browser doesn’t support HTML5
Yaqin Sharqda "Islomiy davlat" nomli to'daning paydo bo'lishida isyonchi guruhlar bir-birini ayblaydi.
Ba'zi ekspertlarning aytishicha, da'volar asosli bo'lishi mumkin. 2003-yilda Amerika Iroqqa bostirib kirib, Saddam Husaynni hukumatdan ag'darganidan keyin mojaroga butun dunyo tortildi. Mahalliy hukumatlar bevosita, mintaqa va jahon davlatlari esa vositachilar orqali.
Karnegi Yaqin Sharq markazidan olim Renad Mansur:
"Islomiy davlat" Iroqda 2003-yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushining o'zgargan shaklidir. Mojaroga aloqador barcha tomonlarning bunda hissasi bor", - deydi u.
Qo'shma Shtatlarda siyosatchilar "Islomiy davlat" guruhining yaralishiga yetaklagan vaziyatda bir-birini ayblaydi. Yaqin Sharqda ham manzara shu. Bu esa jangarilarga qarshi kurashga pand berayapti, mazhablararo ziddiyatni avj oldirmoqda.
"Islomiy davlat" to'dasi bir yil oldin Iroq va Suriyadagi katta hududlarni bosib oldi. O'shandan beri qatliomlar, jinsiy zo'ravonliklar, talon-taroj qilishlar va odam o'g'irlashlardan bo'shamaydi.
Siyosiy va strategik tadqiqotlar markazidan olim Ziyod Oqil jangarilar o'z faoliyati haqida o'zi e'lon qilishiga e'tibor qaratadi.
"Islomiy davlat" o'zi haqida xabarlar tarqatadi, videolar ishlab, saytiga joylaydi. Yagona manba - guruhning o'zi", - deydi u.
Jangari to'daning yaralishida rol o'ynagan davlatlar qatorida Qo'shma Shtatlar, Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Eron va Isroil ham bor. Biroq bu mamlakatlar "Islomiy davlat"ga qarshi olishayotgan ittifoqchilar hamdir.