"Islomiy davlat" o'ziga xorijdan ittifoqchilar qidirmoqda

  • Amerika Ovozi

“Islomiy davlat” jangarilari o’z hududlarini saqlab qolish uchun boshqa guruhlar bilan ittifoqqa kirish yo’llarini izlayotgan bo’lishi mumkin. Bu esa Yaqin Sharqda jang maydonlarining o’zgarishiga sabab bo’ladi, deydi kuzatuvchilar.

Your browser doesn’t support HTML5

"Islomiy davlat" va uning ittifoqchilari, Behzod Muhammadiy

“Islomiy davlat”ning eng katta raqiblaridan biri Afg’onistondagi “Tolibon” guruhi hisoblanadi. Toliblar bu guruhga Afg’onistonda joy yo’q, deb aytgan.

Misrdagi “Al-Ahram” jamg’armasi tahlilchisi Hala Mustafoning aytishicha, ikki guruh tabiatan bir-biriga qarshi.​

“Tolibon mahalliy tashkilot, Afg’onistonga e’tibor qaratadi. “Islomiy davlat” strategiyasi esa o’zgacha. U transmilliy tashkilot. Shafqatsiz usullariga ko’ra, uning ekstremistlik darajasi ham yuqori”, - deydi tahlilchi.

Tolibonning ko’plab a’zolari “Islomiy davlat”ga qo’shilib ketgan. Natijada guruh Afg’oniston hukumati bilan muzokara boshlashga majbur bo’lgan bo’lishi mumkin, deydi Hala Mustafo.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi a’zosi Maks Abramsning aytishicha, “Islomiy davlat”ning boshqa dushmanlari, jumladan, al-Qoidaning Suriyadagi qanoti “Jabhat al-Nusra fronti” ham “Islomiy davlat” strategiyasining shakllanishiga ta’sir qiladi.​

“Islomiy davlat” boshqa guruhlar bilan chiqisha olmaydi. “Jabhat al-Nusra fronti” esa Suriyadagi muxolif guruhlar orasida yetakchilikni qo’lga kiritishga urinmoqda”, - deydi u.

Natijada, deydi Abrams, “Islomiy davlat” Nigeriyadagi “Boko Haram” kabi ittifoqchilarni xorijdan qidirmoqda.

Ekspertga ko’ra, “Islomiy davlat”ga bog’liqlik orqali “Boko Haram” o’zini kuchliroq qilib ko’rsatmoqchi. “Islomiy davlat” esa bu bilan kattaroq shov-shuv ko’tarish niyatida.​

“Boko Haram” ham matbuotning e’tiboridagi guruh edi. U “Islomiy davlat” uchun mos hamkor. Chunki zo’ravonlik borasida ishlarining chegarasi yo’q”, - deydi Abrams.

Misr va Liviyadagi guruhlar ham tayyorgarlikdan o’tish va qurol-yarog’ yetkazishda “Islomiy davlat” bilan hamkorlik qilmoqda.

Abramsning aytishicha, “Islomiy davlat” AQSh boshchiligidagi koalitsiya hujumlariga uzoq dosh bera olmaydi. Shu bois, deydi u, jangarilar o’zlariga dunyo bo’ylab yangi ittifoqchilar topib, kurashni turli mamlakatlarda davom ettirishga urinmoqda.