Islom Karimov Samarqandda Shohizinda qabristonida tuproqqa qo`yildi. 3 - sentabr tonggida Toshkentdan Samarqandga olib kelingan Karimovning tobuti u tug`ilib o`sgan hovlidan chiqarilgan. Prezidentning janozasi Registon maydonida o`qilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Karimovning tobuti so`nggi manzilga qo`lda olib olib borildi. Mamlakat uch kun rasman motamda. Aholi anduhda, prezident o'limi jamoatchilikni larzaga soldi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan fuqarolar.
Davlat televideniyesi vidolashuv, janoza, dafn va undan keyingi manzarani yoritib bordi. Tasvirlarda Toshkent ahli ko'chalarga chiqib, aeroportga yo`l olgan motam kortejiga guldastalar otishayotganini ko'rasiz.
Karimov tobutini Toshkentdan Samarqandga prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova, kenja qizi Lola Karimova hamda yuqori lavozimli rasmiylar olib borgan, ularni Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev kutib olgan.
Karimovning tobuti Samarqanddagi o`zi tug`lgan hovlidan chiqarilgan. Janoza Registon maydonida o`qilgan.
Janozadan so`ng tobut Registon maydonidan qarbistongacha qo`lda olib borilgan. Karimov shahardagi eng qadimiy mozorlardan biri bo'lmish Shohizindada tuproqqa qo`yilgan.
Karimovni kasalligi paytida uzoq sukut saqlagan mahalliy televideniye motam marosimidan davomli tarzda lavhalar namoyish etib bordi. Bu tasvirlarda Karimov jasadi bilan vidolashuv Toshkentdan boshlangani, erta tongdan poytaxtdagi prezident trassasiga vidolshuv uchun chiqqan aholi motam koretejiga gullar otayotgani, odamlarning prezident o`limidan iztirobda ekanligini ko`rish mumkin.
Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekka ko`ra, prezidentning o`limi haqiqatda ko`pchilikni tushkinlikda qo`ygan, ammo buni mutlaq deyish noto`g`ri.
“Har qanday o`lim baribir tushkinlikka tushiradi, o`lim shohu gadoga barobar. Ayniqsa mamlakatni uzoq yillardan boshqargan odam vafoti haqida gapirsak, albatta, bu ayanchli. Ko`pchilikni shunday kayfiyatda, lekin bu fojeani “endi kim bilan kurashamiz” deb hazil tariqasida tushunayotganlar ham bor”, - deydi u.
Baxtiyor Isabek mamlakat prezidentining so`glig`i bilan bog`liq vaziyat yuzasidan jamoatchilik ancha vaqt mahvumlikda ushlanganini, bu ham aholida noxush taassurot qoldirganini aytadi.
Samqarddagi motam marosimida 20 yaqin davlatdan rasmiy delegatsiya, elchi va diplomatlar, jumladan Afg`oniston, Tojikiton, Turkmaniston prezidentlari, Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston, Gruziya Bosh vazirlari, Eron Tashqi ishlar vaziri ishtirok etgan.
Dunyo yetakchilari Islom Karimovni vafoti munosabati bilan O`zbekiston xalqiga hamdarlik bildrishgan.
AQSh prezidenti Barak Obama fikricha Karimov vafotidan so`ng O`zbekiston uchun yangi davr boshlanmoqda. AQSh O`zbekistonni qo`llashga tayyor.
Rossiya rahbari Vladimir Putin Islom Karimovni o`z davrining muhim lideri deb atasa, Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev O'zbekiston xalqiga bardosh tilab, uzoq yillik do`stidan judo bo`lganini aytgan.
Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev Islom Karimovni haqiqiy do`st sifatida e`tirof etgan. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Karimovning vafoti haqidagi xabardan chuqur qayg`uda ekanini aytgan.
O`zbekistonni 27 yil davomida boshqarib kelgan Islom Karimov 78 yoshida miyaga qon quyilishi tufayli vafot etdi. Rasmiy bayonotga ko'ra, u 2-sentabrda jon bergan. Lekin ayrim ishonchli manbalarga ko'ra, prezident bir necha kun oldin olamdan o'tgan.