Xalqaro hamjamiyat “Islomiy davlat” jangari guruhi tahdidiga qarshi birlashmoqda. Ammo ittifoqlar o’zgarib, hukumatlar ustuvor masalalarni aniqlab olar ekan, Yaqin Sharqdagi uzoq muddatli maqsadlar G’arb manfaatlari bilan to’qnashishi mumkin. Bu esa “Islomiy davlat”ga qarshi kurashni zaiflashtiradi, deb ayrim ekspertlar.
Fors ko’rfazi davlatlari qiruvchi samolyotlar uchun aviabazalarini ochib bergan.
Fors ko’rfazi davlatlari bo'yicha tahlilchi Jorjio Kafieroning aytishicha, Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” tomonidan bosib olingan yerlarni ozod etishga qaratilgan urinishlar Yaqin Sharqni o’zgartirmoqda.
“Asosan, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari o’zlarini mintaqadagi haqiqiy harbiy kuch sifatida namoyon etmoqda. Vaholanki, odatda, ular xalqaro sahnada ehtiyotkor edi”, - deydi Kafiero.
Ammo umumiy tahdid oldida birlashish oson emas, bu esa yangi muammolarni yuzaga chiqarishi mumkin.
Saudiya Arabistoni azaldan Eron va uning hamkorlari, jumladan, Suriya rahbari Bashar Assadga qarshi.
AQSh ham Assadning hokimiyatdan ketishi tarafdori, Suriya prezidentini o’z xalqiga qarshi terror harakatlarini amalga oshirganlikda ayblaydi.
Vashington va Riyod bir paytning o'zida ham Assad, ham “Islomiy davlat”ga qashi kurashayotgan isyonchilarni quvvatlamoqda.
Ammo bu isyonchilar orasida AQSh va Saudiya Arabistoniga ishonch past, deydi Bo’hronlarni o’rganish xalqaro guruhi eksperti Robert Blecher.
Chunki AQSh “Islomiy davlat” ni Assad roziligi bilan bombardimon qilmoqda, deydi u.
“Bu ularning fikri va uni inkor etish nihoyatda qiyin”, - deydi siyosatshunos.
Isyonchilar “Islomiy davlat” ga qarshi yuzma-yuz kurashayotgan asosiy kuchdir. AQSh hujumlarining Assadga tayanch bo’layotgani haqidagi xavotirlar isyonchilarni xalqaro koalitsiya bilan hamkorlik qilishdan qaytarishi mumkin.
Jumboq shundaki, deydi tahlilchi Kafiero, Suriyadagi fuqarolar urushini Assad rejimisiz tugatib bo’lmaydi.
Suriyada urush davom etar ekan, “Islomiy davlat” jangarilari u yerdan turib faoliyat yuritaveradi, hatto Iroqdan haydab chiqarilganda ham, deydi u.
“Bu mojaroning keti ko’rinmayapti. AQSh va Saudiya Arabistoni unga ma’lum yakun yasashga, ya’ni “Islomiy davlat” ni ham, Assadni ham yo’q qilishga harakat qilmoqda, lekin buning uddasidan chiqishning iloji yo’qqa o’xshaydi”, - deydi ekspert.
Saudiya Arabistoni Assad rejimiga ham, “Islomiy davlat”ga ham qarshi. Ayni vaqtda “Islomiy davlat” Eron uchun ham dushman.
Demak, Riyod va Tehron bu masalada hamkorlik qilishi ehtimoli bor. Bu esa, deydi sharhlovchilar, notinch mintaqa uchun o'ziga xos ijobiy o’zgarish bo'ladi.