Bugun ma'lum bo'lishicha, terrorchi guruh deya tan olingan O'zbekiston islomiy harakati internetda bayonot chiqarib, Suriya va Iroqning bir qismida xalifalik e'lon qilgan "Islomiy davlat" jangari guruhi bilan hamnafas ekanini, uni qo'llab-quvvatlashini, kofirlarga qarshi "Islomiy davlat" bilan birgalikda kurashishga tayyor ekanini bildirdi.
Ayni paytda Suriya shimolida kurd jangarilari "Islomiy davlat"ga qarshi jang qilishda davom etmoqda, xalqaro koalitsiya esa jihodchilarni Suriya va Iroqda havodan o'qqa tutyapti.
AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligining bildirishicha, so'nggi havo hujumlarida Iordaniya va Birlashgan Arab Amirliklari ham qatnashgan. Suriyaning bir necha shahrida jihodchilarga qarashli transport vositalari, qurollar, binolar vayron qilingan.
Xabarlarga ko'ra, islomiy jangarilar kurdlar yashovchi Ayn al-Arab shahrini ishg'ol qilishga yaqin turibdi. Aholining katta qismi shaharni tark etib, qo'shni Turkiyaga qochgan. Anqara chegarada harbiy salohiyatini oshirgan. Koalitsiya havo hujumlari Ayn al-Arabga yetib bormagan hali.
Iroqda esa Kirkuk, Sinjar va boshqa joylarga zarba berilgan. AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat" va Suriyadagi boshqa jangari guruhlar kuchini pisand qilmagan, Iroq harbiylari salohiyatiga esa aksincha ortiqcha baho bergan.
Your browser doesn’t support HTML5