Ijtimoiy tarmoqlarda "Islomiy davlat" to'dasining rus tilidagi targ'ibot materiallari ko'paygan. Jangari guruh sobiq Sovet davlatlaridagi rusiyzabon aholini nishonga olmoqda.
O'tgan yili sentabrda Rossiya Assad rejimiga yordam berib Suriya urushiga qo'shilgandan beri "Islomiy davlat" jangari guruhi rus tilidagi propagandaga zo'r bermoqda. Tashviqotning qanchalik natija berayotgani noma'lum, ammo Rossiya terrorchi guruh targ'ibotini to'sish choralarini kuchaytirmoqda. Shunga qaramay, jangarilar jamiyatda o'rnini topmagan yoshlarni Suriyadagi jihodga qo'shilishga undashda davom etmoqda.
Rossiya hukumati ma'lumotiga ko'ra, turli jihodiy guruhlarga qo'shilish uchun 4000 dan ortiq Rossiya fuqarosi Iroq va Suriyaga ketgan. Markaziy Osiyo davlatlarida ham bu guruhlarga qo'shilganlar yoki ularning ta'siriga tushganlar ko'p ekani aytiladi.
Jihodchilar orasida ayollar soni ham kamaygani yo'q. Hukumat va internet provayderlari terrorizmni targ'ib qiluvchi onlayn ma'lumotlarni to'sishga har qancha urinmasin, rus tilidagi "Islomiy davlat" da'vatlari internetda keng tarqalgan. Ekspertlar fikricha, yoshlar va yolg'iz onalar terrorchilar propagandasining asosiy qurboni bo'lmoqda.
Targ'ibot videolaridan birida bolalar o'ynab-kulib yurgan manzara aks etadi. Atrofida soqoli uzun erkaklar, ayrimlarining qo'lida Kalashnikov avtomati, ko'rada pishirilgan go'sht yeyishyapti. 12 daqiqalik videoda ayollar yoki bo'yi yetgan qizlar ko'rinmaydi.
Boshqa bir videoda esa urush sahnasi aks ettirilgan. Unda yalqovlarni jihodga qo'shilishga undovchi Qur'on oyatlaridan iqtiboslar keltirilgan. Mujohidlarga shahidlik va jannatdagi ulkan maqomlar va'da qilinadi. Bundan qochganlarga esa "abadiy jahannam" tilangan.
Bunday videolarning har biri maxsus auditoriya uchun mo'ljallangan. Oilalar uchun shariat hukmi ostida yashashning afzalliklari va go'zalligi targ'ib qilinsa, urush sahnalari orqali yoshlar jihodga va sarguzashtli hayotga chaqiriladi.
Rus tilidagi video va audio mahsulotlar borgan sari professional tus olmoqda. "Islomiy davlat"ning media qanotida maxsus rusiyzabon mutaxassislar guruhi tashkil qilingan. 2015-yil o'rtalaridan boshlab rus tilidagi materiallar texnik jihatdan yanada mukammallashdi. Hozir guruh kundalik radiodastur va ko'plab propaganda videolari tayyorlaydi.
Ayrim videolar arabchadan ruschaga o'girilgan bo'lsa, boshqalari rus tilidagi auditoriya uchun maxsus tayyorlangan. Odatda, bir soatgacha davom etadigan bunday filmlarda Rossiyaning Chechenistondagi urushidan lavhalar ko'rsatiladi va musulmonlar bu urush uchun qasos olishga chaqiriladi.
Rus tilidagi vebsaytlar va ijtimoiy tarmoq sahifalari tez-tez paydo bo'lib va yo'qolib turadi. Chunki hukumat va internet ma'murlari bunday sahifalardan xabar topishi bilan ularni to'sishga yoki o'chirishga harakat qiladi. Guruhning bunga qarshi ham rejasi bor. Har bir ochilgan yangi sayt yoki sahifa tepasiga ular "Bizni qayerdan topishingiz mumkin?" degan yozuv bilan Telegram kanallari, fayl almashiladigan saytlar kabi sahifalarning manzilllarini yozib qo'yishadi.
Jangarilar rossiyalik aka-uka Nikolay va Pavel Durovlar tomonidan 2013-yilda yaratilgan Telegram muloqot dasturidan unumli foydalanishmoqda. Dasturda yozuvlari vaqt o'tib o'chib ketadigan maxfiy chat olib borish imkoniyati mavjud. U, ayniqsa, sobiq Sovet o'lkalarida mashhur bo'lib, dunyo bo'ylab 100 milliondan ortiq faol foydalanuvchiga ega.
Rossiya xavfsizlik xizmatlarining aytishicha, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Telegram eng katta muammolardan biriga aylangan. Shunga qaramay, hukumat dastur foydalanuvchilari va ular kimlar bilan muloqot qilishi haqida ma'lumot yig'ishdan to'xtagani yo'q.
Internetda ekstremistik guruhlarni kuzatish uchun Rossiya xavfsizlik va razvedka xizmatlari "Avalansh" deb nomlangan dasturdan foydalanadi. Dastur terrorchilarning odam yollash va moliyaviy manbalari haqida ma'lumot to'plash imkonini beradi. Maxsus filtr va kalit so'zlar yordamida ijtimoiy tarmoqlar, email, telefon yozishmalari va hatto onlayn o'yinlarning chatxonalari kuzatib boriladi.
Rossiya hukumati har kuni o'n minglab domen, blog va ijtimoiy tarmoq sahifalari to'silayotganini aytishiga qaramasdan, rus tilidagi jihodga undovchi propaganda kuchayishda davom etmoqda.