Radikal kuchlar Suriya shimolida hujumni davom ettirmoqda

  • Amerika Ovozi

Jisr al-Shugur, Idlib viloyati.

Radikal ekstremistlar Suriya shimolini ishg'ol etishda davom etib, hukumat kuchlari bir necha haftadan beri yashirinib kelgan gospitalni egallagan.

Aprel oyidan beri harbiylar Jisr al-Shugur shahri yaqinidagi bu kasalxonadan turib jangarilar bilan olishayotgan edi. Askarlarning holi nima kechgani noma'lum.

Al-Qoidaga aloqador al-Nusra fronti o'tgan oy Idlib viloyatidagi Jisr al-Shugur shahrini bosib olgan edi.

Prezident Bashar al-Assadning armiyasi oxirgi kunlarda radikal kuchlardan qaqshatqich zarbalar yemoqda.

"Islomiy davlat" to'dasi shu hafta harbiylarni qadim shahar Palmiradan quvib chiqargan. Ikki ming yillik tarixiy obidalar vayron qilinayotgani haqida xabarlar bor.

Palmira UNESCOning jahon durdonalari ro'yxatiga kirgan va sivilizatsiyaning beshigi deya ta'riflanadi. Jangarilar shu yil boshida Iroqning Nimrud va Mosul shaharlarida tarixiy merosni barbod qilgan edi.

Britaniyada asoslangan huquq faollarining aytishicha, Suriya hukumati bugun davlatning yarmini nazorat qilmoqda, xolos. Davlat departamenti matbuot kotibi Mari Harfning aytishicha, Qo'shma Shtatlar faollarning bu fikriga qo'shilmaydi. Mari Harf AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi xatti-harakatlarini alohida tilga oldi. Aytish kerak, AQShda ayrim qonunchilar bu harbiy amaliyotni yanada kuchaytirishga da'vat etaayapti.

Davlat departamenti so'zlovchisining aytishicha, jangarilar boshqaruvi, aloqa tizimiga qattiq zarba berilgan; ular moliya manbalarini va jangchilarni yo'qotmoqda. Bundan tashqari, yangi jangchilarni yollash imkoni ham kamayib bormoqda.

Pentagon matbuot kotibi Stiv Vorrenning aytishicha, Qo'shma Shtatlar kelasi hafta Iroq qurolli kuchlariga ikki ming dona raketa jo'natadi.