"Islomiy davlat" terror guruhining qo'mondoni, qonxo'r usullari va bir necha suiqasd hamlalarida omon qolib tanilgan shaxs jangda nobud bo'lgan.
Abu Umar al-Shishaniy yohud Umar Chechen Iroqning Shirqat shahridagi olishuvlarda jon berdi, deya xabar qiladi "Islomiy davlat" to'dasiga aloqador Aamaq axborot agentligi.
Amerika va koalitsiya kuchlari Umarni bir necha bor nishonga olgan edi.
Pentagon matbuot kotibi Piter Kuk so'nggi bayonotdan xabarimiz bor, biroq buni tasdiqlay olmaymiz, demoqda.
Shu paytgacha jangarilar o'z qo'mondonining o'limi haqidagi da'volarni rad etib kelayotgan edi.
Umar Chechen oldin ham o'ldiga chiqarilgan edi
"To'qqiz marotaba o'lgani haqida xabarlar tarqalgan. Nihoyat bunisi haqiqat bo'lsa kerak", - deydi tahlilchi Patrik Skinner.
U Shirqat shahrida bo'lgani tabiiy, chunki shahar Mosulga yaqin manzil va jangarilar qo'mondoni frontning shundoq o'rtasida bo'lishi aniq, deydi Skinner.
Shirqat Mosuldan 100 kilometr janubroqda, Qayyara bazasidan 35 kilometr narida joylashgan. Iroq armiyasi koalitsiya yordamida hududni qurshab kelayapti va kuni-kecha Qayyara bazasini qaytarib olgan edi.
Amerika Mudofaa vaziri Eshton Karter dushanba kuni Bag'dodga safari paytida Iroqqa qo'shimcha 560 askar jo'natamiz, degan edi. Bu askarlar Mosul uchun janglarda yordam berishi aytiladi.
Pentagon rasmiylari Shishaniyni "Islomiy davlat"ning urush vaziri deb ta'riflaydi.
U 2013-yil o'rtasida "Islomiy davlat" safiga qo'shilib, o'zi bilan yuzlab rusiyzabon jangarilarni olib kirgan.
Gruzin jangari
Asli gruzin bu shaxs avval Gruziya armiyasining razvedka bo'limida xizmat qilgan, Amerikaning aksil-terror metodlarini o'rgangan.
U, shuningdek, 2014-yilda Iroqning Anbar viloyatini bosib olishda asosiy rol o'ynagani aytiladi.
Tezkor, o'tkir taktika qo'llagan, deydi olim Deyvid Garstensteyn Ross. Shishaniy oz sonli qo'shinlar yordamida katta hududni bosib olgan, deydi u.
Uning yo'q qilinishi "Islomiy davlat" to'dasining mudofaa salohiyatiga qattiq zarbadir, deydi Pentagon mutasaddilari. Shuningdek, guruhning Checheniston va umuman Kavkazdan odam yollashining ham oldi olingan bo'lishi mumkin.