Isroil saylov natijalari amaldagi siyosatni o’zgartirmaydi

  • Amerika Ovozi
Isroilda parlament saylovlari natijasiga ko’ra, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu hukmron alyans hamda so’lchi-markazchi partiyalar teng ovoz to’plagan. Tomonlar 120 kishilik organda 60 tadan o’rinni qo’lga kiritdi.

Netanyaxu endi ular bilan koalitsiya tuzishi kerak bo’ladi. Lekin Isroilning xavfsizlik va yirik mintaqaviy masalalar bo’yicha pozitsiyasi o’zgarishi kutilmayapti.

Hukumat tepasidagi “Likud” va “Yisrael Beytenu” (“Bizning uy”) partiyalari Knessetdagi o’rinlarining to’rtdan bir qismini boy bergan bo’lsada, 31 o’rin bilan baribir ustunlikni saqlab qoldi.

Ikkinchi o’rinda “Yesh Atid” partiyasi, 19 o’rin bilan. Leyboristlar, ultra-millatchilar va Shas diniy partiyasi 11 tadan o’rinni qo’lga kiritdi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu olti hafta ichida yangi hukumat tuzishi kerak.

Tahlilchilar fikricha, natijalar shundan dalolat beradiki, askar saylovchilar o’zgarish bo’lishini istaydi. Isroilda yosh siyosatchilar avlodi yetishib chiqayotganini ham ko’rish mumkin.

Bosh vazir saylov kampaniyasida ko’tarilgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni birma-bir hal qilishga va’da bermoqda, lekin mintaqaviy xavfsizlik bo’yicha pozitsiya o’zgarmaydi.

“Birlamchi vazifa yahudiy davlati yuzlashayotgan tahdidlarni hisobga olgan holda kuchli xavfsizlikni ta’minlash. Eronga yadro qurolini qo’lga kiritishga yo’l qo’ymaslik”, - dedi Benyamin Netanyaxu g’alaba nutqida.

Siyosatshunos Avraam Diskinning qayd etishicha, hukmron alyans parlamentda 11 o’rinni boy berdi. Arab-Isroil ixtilofi saylovchilarni ikkiga bo’lib qo’ygan.

“Isroil fuqarolarining qariyb 70 foizi yahudiy davlati va Falastin ikki alohida, mustaqil davlat bo’lishini, tinchlik muzokaralari davom etishini yoqlaydi. Lekin muzokara samara berishiga ishonadiganlar ozchilik”, - deydi olim.

“Likud” ning ashaddiy tarafdorlari bu gal raqib partiyalarga ovoz berganining yana bir sababi iqtisodiy muammolar bois hukumatdan norozilikka borib taqaladi.

Saylovda ikkinchi o’rinni qo’lga kiritgan “Yesh Atid” so’l partiyasi rahbari Yaid Lapid koalitsiyaga qo’shilishga qarshi emas, agar hukumat o’rta qatlam farovonligini oshirishga va’da bersa.

“Yaqin Sharq tinchlik muzokaralarini ham qayta boshlash va kelishuvga erishish zarur”, - deydi u.

Millatchilar sardori Naftali Bennett esa G’arbiy sohil hech qachon Falastinga berilmaydi, deya ta’kidlamoqda. Eronning yadro dasturini to’xtatish borasida barcha taraflar yakdil.

Siyosatshunos Deni Rubinshteynga ko’ra, arab bahorini boshdan kechirgan qo’shni davlatlarda islomiy kuchlar hokimiyatga kelayotgani Isroilda xavotir uyg’otmoqda.

“Arablarga ishonch yo’q. Misr bo’ladimi yoki Suriya, amaldagi rejimlar bilan bitim imzolaysizda, ular qulagach yangi hukumatlar o’z talablari bilan chiqaveradi”, - deydi sharhlovchi.

Natijada, deydi ekspertlar, yahudiy davlatining mintaqaviy strategiyasida xavfsizlik bosh o’rinni egallashda davom etadi.