May oyida G’azo sektoriga ketayotgan yuk kemasini qo’lga olgan Isroil bu hududga boshqa biror bir vositani kiritmoqchi emas. Lekin ayni damda G’azoga yana bir kema yuk eltish harakatida. Isroil uni nishonga olishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Liviyadan oziq-ovqat, kiyim-kechak va dori-darmon olib ketayotgan kema aslida Gretsiyadan yo’lga chiqqan. Bir yarim oy oldin turkiyalik faollar yetakchiligida olib borilayotgan yordam mana shunday kemalardan birida Isroil hujumiga uchragan edi.
To’qqiz kishi o’lgan bu voqea yuzasidan olib borilgan tergov natijalari bugun bayon qilingan. Isroil harbiylari to’plagan ma’lumotlar shundan dalolat bermoqdaki, bu davlat qurolli kuchlari mazkur kemaga qarshi kechgan operatsiyada katta xatolarga yo’l qo’ygan. Isroil matbuotining yoritishicha, harbiylar mukammal reja asosida harakat qilmagan. Qachon o’t ochib, qachon ochmaslik haqida aniq buyruqlar berilmagan.
Tergov o’z yo’liga, deydi Isroil ilm-fan va texnologiya vaziri Daniel Xershkovits, lekin Isroil uchun G’azoga chetdan kema kelishi ma’qul emas.
"Isroil bu boradagi siyosatini o’zgartirmaydi va gap bir: G’azo sektoriga biror ajnabiy kema yaqinlashmaydi”, - deydi rasmiy.
Bu bilan yahudiy davlati falastinliklarga chetdan yordam kelishini man etmoqda degan da’volarga bu vazirning javobi bunday:
“G’azo aholisiga xorijdan ko’mak yetkazmoqchi bo’lsangiz, Ashdod portimiz orqali kelishingiz mumkin. Yuk tekshiruvdan o’tgan holda qabul qilinadi”,- deydi Isroil vaziri.
Ashdod G’azodan uncha uzoq emas. Misr ham sektorga yaqin al-Arish portini bunday maqsadlar uchun ochib bermoqda. Liviya yordami ortilgan kemaga al-Arishga borish maslahat berilgan.
Lekin bortdagi arab muxbirlaridan biri Ayash Darajiyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, kema kapitani “To’g’ri, hech qanday to’xtovsiz, G’azoning o’ziga boramiz” degan.
Isroil G’azoga chetdan kema yo’latmayotganiga sabab, deydi rasmiylar, sektorda hukmron Xamas jangari guruhi ko’mak bahonasida qurol-aslaha olib kirishi mumkin. Falastinliklar esa Isroilning bu izohiga bosqinchi siyosatning bir qismi sifatida qaraydi.