BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi boshqarmasi Isroilning G’azo Sektorida BMT ga qarashli maktabni nishonga olganini tanqid qilmoqda. Hujumda kamida 15 odam o’lgan, 100 ga yaqini jarohat olgan.
Boshqarma rahbari Kris Gannesning aytishicha, hujum paytida bino ichida bolalar ona-onalarining yonida uxlayotgan bo’lgan.
“Amerika Ovozi” muxbiri Skott Bob o’sha joyga borib, vayronalarni o’z ko’zi bilan ko’rdi.
Uning aytishicha, qurbonlarning ayrimlari uyini tashlab, Isroil hujumlaridan jon saqlab kelgan odamlar bo’lgan.
“Endi ular uyiga qaytmoqchi. Agar BMT maktabida o’zimizni xavfsiz his qilmasak, uyga borib o’sha yerda jon berganimiz ma’qul, demoqda ular”, - deydi Bob.
BMT ning qochqinlar bo’yicha agentligi ma’lumotiga ko’ra, 200 ming odam G’azo Sektorining 85 joyida yashirinib, jon saqlamoqda.
Isroil G’azo qamalini bekor qilmaguncha, HAMAS unga qarshi hujumlarimizni to’xtatmaymiz, demoqda. HAMAS hujumini bas qilmasa, biz harbiy amaliyotni davom ettiraveramiz, deydi Isroil.
Bugun havo va tank hujumlarida kamida 32 odam halok bo’lgan. 8-iyuldan beri o’lganlar soni 1300 ga yetgan, aksariyati oddiy falastinliklar. Isroil 56 askarini va uch fuqarosini yo’qotganini aytmoqda.