Isroil G’azoga o’q yog’dirishda davom etmoqda

  • Amerika Ovozi
Olti kundirki, Isroil G’azo sektorini bombardimon qilar ekan, bugunning o’zida 10 kishi o’lgan. Falastinlik shifokorlarning aytishicha, sektorda chorshanbadan beri talofatlar 87 kishiga yetgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Kundalik Eshittirish, 19-noyabr, 2012-yil


O’z navbatida, Falastindan otilgan snaryadlar uch isroillikni hayotdan olib ketgan.

Tunda Isroil G’azodagi 80 obyektni, jumladan, XAMAS qarorgohini nishonga olganini bildirmoqda. Yahudiy rasmiylari XAMAS jangarilariga qarshi kampaniya bu, deya tushuntiradi.

AQSh rahbari Barak Obama nazarida avvalo XAMAS Isroilga raketa otishni bas qilishi lozim.

Isroil o’zini mudofaa qilishga haqli, deydi Obama. Mojaro ko’lami oshib ketmasidan oldin G’azoda hukmron Xamas qurolini tashlashi kerak. Amerika prezidenti bunga erishish uchun bir necha kundan beri Isroil, Misr va Turkiya rahbariyati bilan muzokarada.

AQSh qonunchilari fikricha, Isroil o’zini Falastin hujumlaridan himoya qilishga va qurolni ishga solishga haqli. Respublikachi senator Saksbi Shambliss yahudiy tomoni sektorga qo’shinlarni kiritishni va shu tariqa xavf manbaini quritishni lozim topsa, qarshi emasman, deydi.

Yana bir respublikachi arbob Piter King urushning hech kimga keragi yo’q, lekin Isroil o’z xavfsizligi uchun nima zarur ekanini boshqalardan yaxshi biladi, deydi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kechagi chiqishida G’azoda XAMASga qarshi bosimni oshirishga tayyormiz, degan. Netanyaxu minglab askar tortishga shay. Ular sektor bilan chegarada buyruqni kutib turibdi, deydi Isroil bosh vaziri.

Shu bilan birga, Isroil mutasaddilari hozir Misrda XAMAS bilan sulh shartlarini muhokama qilish taraddudida.

Yakshanba kuni Isroil harbiy samolyotlari G’azoga o’q yog’dirib, sakkiz jurnalistni jarohatlagan. Yahudiy harbiylari XAMASning aloqa obyektini urdik, deya, jurnalistlarni mojaro zonasiga yo’lamaslikka undamoqda.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Isroilning harakatlarini qoralab, axborot oqimiga to’sqinlik qilayotganlikda ayblaydi.

Falastin, Isroil o'q almashmoqda