Tahlilchilar: Isroil-Falastin muloqoti davom etadi, demak tinchlikka umid bor

  • Amerika Ovozi

Isroil va Falastin rahbarlari kelasi hafta yana uchrashib, muzokarani davom ettirishga kelishib olgan. Muloqot 14-15-sentabr kunlari dastlab Misrda, so’ng Isroilda o’tadi. Unda ikki ishtirokchi tomondan tashqari AQSh rasmiylari ham qatnashishi kutilmoqda.

Biroq Iordan daryosining g’arbiy sohilida qurilish loyihasi ikki yillik tanaffusdan so’ng bazo’r boshlangan muzokaraga pand berishi mumkin.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Falastin bilan yuzma-yuz muloqot boshlanganidan mamnun va regiondagi barcha Arab qo’shnilar bilan murosa qilish niyatida.

Bevosita muzokara haqida Isroil Vazirlar Mahkamasiga hisobot berar ekan, Netanyaxu Arab dunyosi ham xayrixoh, deydi.

Uning nazarida muammolar yechimiga yangicha yondashish zarur, o’tmishdagi xatolarni takrorlamaslik uchun. Quddus shahrining maqomi, falastinlik qochqinlar taqdiri, G’arbiy Sohilda yahudiy mahallalar va bo’lajak Falastin davlati chegaralari shular jumlasidan.

Netanyaxu Falastin prezidenti Mahmud Abbosni tinchlik sari dadil qadam tashlashga da’vat etmoqda.

Biroq Abbosning so’zi faqat G’arbiy Sohilda o’tadi. G’azo sektorida hukmron Xamas bilan esa murosa qilish qiyin. Xamas a’zolari tinchlik muzokaralariga e’tiroz tariqasida o’tgan hafta to’rt yahudiyni o’ldirgan. Dam olish kuni Isroilga qarata raketa otgan.

Yahudiy davlati bunga javoban G’azodagi yer osti tunnellarini o’qqa tutib, ikki falastinlikni o’ldirgan.

Tahlilchilar fikricha, G’arbiy Sohil va G’azo sektori tarqoq ekan, Falastin davlati barpo etilishi gumon.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Avidgor Liberman qurilish ishlariga qo’yilgan vaqtincha taqiqni uzaytirmaymiz, deb oyoq tirab olgan. Moratoriyning amal qilish muddati shu oy oxirida tugaydi. Falastin esa hududda yana uy qurila boshlasa, tinchlik muloqotini tark etish niyatida.