Isroil va Falastin o'rtasida ixtilof kuchayar ekan, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Yaqin Sharqqa otlanmoqda.
Rasmiylar izohicha, Kerri so'nggi voqealarda hech bir tomonni ayblayotgani yo'q, zo'ravonliklarga chek qo'yilishini istaydi.
Kecha Quddusda isroillik bir ayolni pichoqlagan falastinlik otib o'ldirilgan. Undan oldin isroillik politsiyachiga hujum qilgan yana bir falastinlik o'ldirilgan edi.
Isroil butun mamlakat bo'ylab harbiylarni safarbar etgan. Mamlakat Xavfsizlik Kengashi Quddusdagi arab mahallalarga kirish-chiqishni yopish haqida ko'rsatma bergan.
Bir oycha oldin Isroil al-Aqsa masjidini o'zlashtirmoqchi, degan mish-mishlar tarqalgan edi. Isroil buni rad etib, HAMAS tashkilotini odamlarni isyon ko'tarishga undayotganlikda aybladi.
Oq uy so'zlovchisi Josh Ernestga ko'ra, na AQSh, na boshqa bir davlat bu mojaroni hal qila oladi. Murakkab qarorlarni Isroil va Falastin o'zlari qabul qilishlari lozim, deydi u.