Rossiya Mudofaa vazirligi Isroilni Suriyaning Hims viloyatida joylashgan Tifor (T4) aviabazasiga hujumda ayblamoqda. Vazirlik bayonotida aytilishicha, Isroilning ikkita F-15 rusumidagi qiruvchi samolyotlari erta tongda Suriya chegarsidan o'tmay, Livan havo sarhadlaridan sakkizta raketa otgan.
Suriya havo mudofaa tizimi beshta raketani urib tushirgan, qolgani bazaning g'arbiy qismiga tekkan. Natijada 14 kishi, jumladan eronlik harbiy maslahatchilar halok bo'lgan.
Fevral oyida Isroil Eronni Tifor bazasidan Isroil tomon dron uchirganlikda ayblagan edi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu har qanday hujumga javob beramiz, deya bayonot qildi.
Suriya matbuoti sal avval Qo'shma Shtatlarni hujumda ayblagan edi. AQSh va Fransiya ayblovlarni inkor etdi.
"Vaziyatni nazorat qilishda davom etamiz. Suriyada kimyoviy qurollarni ishga solganlarni mas'ul tutishga qaratilgan diplomatik harakatlarni qo'llab-quvvatlaymiz", - dedi Pentagon soz'lovchisi Kristofer Shervud.
Shanba kuni Damashq tevaragidagi Duma shahrida kimyoviy hujum ro'y bergani haqida xabarlar tarqaldi. AQSh va Fransiya rahbarlari isyonchilar nazoratidagi hududga hujumda Suriya Prezidenti Bashar Assad hukumatini aybladi.